Yurtimizda ma’rifatparvar, taraqqiyparvar jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadi. Shu maqsadda joylarda turli tadbirlar, uchrashuvlar, ma’rifiy kechalar tashkil etilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Toshkent viloyati kengashi tashabbusi bilan Chirchiq shahridagi 7-sonli maktabda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan “Ajdodlar merosi qalbimizda barhayot” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, jadidlik harakati asoschilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy ko‘plab qarshiliklarga qaramay, yurtimizda ilk zamonaviy maktablarni tashkil qilish, zarur darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar barpo etish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Bu orqali xalqimizning tafakkurini yuksaltirishga intildi, hurriyatga erishish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi.

So‘nggi yillarda jadidlik harakati namoyandalarining xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Behbudiy tavalludini nishonlash maqsadida Prezidentimizning “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani mazkur yo‘nalishdagi eng muhim chora-tadbirlardan biri bo‘ldi.
Tadbirda Mahmudxo‘ja Behbudiyning ijodiy, ma’naviy merosi, millat ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlari alohida e’tirof etildi.
M.Komilova,
O‘zA