Davlatimiz rahbarining 2024 yil 27 dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Samarqandda “Milliy jurnalistikamiz taraqqiyoti va Mahmudxo‘ja Behbudiy fenomeni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Unda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiydan kelgan hamda Samarqanddagi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanni universitet rektori, senator Rustam Xolmurodov ochib berish asnosida Behbudiy merosining zamonaviy jurnalistika, milliy o‘zlik va ma’rifat taraqqiyotidagi o‘rniga to‘xtaldi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov esa o‘z ma’ruzasida zamonaviy jurnalistikaning ma’naviy ildizlari va jadidlik g‘oyalarining media madaniyatiga ta’sirini tahlil qildi.

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshevning “Behbudiy – noshir, jurnalist va muharrir” mavzusidagi ma’ruzasi ishtirokchilarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi.
“Ishonch” va “Doveriye” gazetalari bosh muharriri, senator Husan Ermatov esa Behbudiyning islohotchilik g‘oyalari va ularning media jarayonlariga ta’siri haqida atroflicha fikr bildirdi.

Jadidshunos olim Halim Saidov Behbudiyning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, milliy matbuotchilikka qo‘shgan ulkan hissasini tarixiy dalillar bilan yoritib berdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA