Kuni kecha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyda buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘g‘lim o‘qiyotgan litseydagi tadbirga taklif etilganim men uchun oddiy ishtirok emas, balki qalbimda chuqur taassurot qoldirgan uchrashuvga aylandi.
Sahnaga chiqqan o‘quvchilarning har bir chiqishi, ayniqsa, “Behbudiy bizga faqat tarix emas, u qanday yashash kerakligini o‘rgatgan inson” degan fikrlari alohida ta’sir qildi. Yoshlarning ko‘zlaridagi ishonch, so‘zlaridagi qat’iyat va iftixorni ko‘rib, bir ona sifatida beixtiyor faxr tuyg‘usini his etdim.
O‘sha lahzalarda Behbudiy men uchun faqat kitoblarda qolgan tarixiy shaxs emas, balki bugungi avlod ongida yashab turgan, ularni fikrlashga va mas’uliyat bilan yashashga undayotgan ma’naviy qahramon sifatida namoyon bo‘ldi. Uning g‘oyalari orqali yoshlar hayotga boshqacha nigoh bilan qarayotganini his qilish mumkin edi.

Behbudiy o‘z davrining yetuk ma’rifatparvari, yozuvchi va jamoat arbobi sifatida millat ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan. U xalqni jaholatdan olib chiqishning eng to‘g‘ri yo‘li ilm va tarbiya ekanini chuqur anglab, butun faoliyatini shu maqsadga bag‘ishladi. Maktablar ochish, darsliklar yaratish, jamiyatda fikrlash madaniyatini shakllantirish uning hayot mazmuniga aylangan edi.
Behbudiy qarashlarining jamiyatga ta’siri, ayniqsa, yosh avlod tarbiyasida yaqqol namoyon bo‘ladi. U axloq, ma’naviyat va ilmni bir-birini to‘ldiruvchi qadriyatlar sifatida ko‘rgan. Shu bois uning asarlari nafaqat adabiy, balki tarbiyaviy ahamiyatga ham ega bo‘lib, yoshlarni ongli hayotga chorlaydi.
Bugungi kunda ham Behbudiy merosi ta’lim tizimida muhim o‘rin tutadi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi mudiri Shohrux Qosimov bu haqda shunday deydi:

– Behbudiy merosi talabalar uchun katta ahamiyatga ega. Uning asarlari yoshlarga faqat tarixiy bilim emas, balki jamiyatga daxldorlik va faol fuqarolik pozitsiyasini ham o‘rgatadi. Universitetimizda Behbudiyga bag‘ishlangan tadbirlar, ochiq muloqotlar va ilmiy muhokamalar o‘tkazib kelinmoqda. Uning g‘oyalarining zamonaviy tahlil asosida o‘rgatilishi talabalar dunyoqarashini yanada kengaytirmoqda.
Ayni paytda maktab va litseylarda tashkil etilayotgan ma’naviy tadbirlar, sahna ko‘rinishlari hamda ijodiy tanlovlar orqali Behbudiy siymosi yoshlar ongida yashamoqda. Bu esa uning merosi faqat o‘tmish xotirasi emas, balki bugungi kun uchun ham muhim ma’naviy tayanch ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy kecha bilan bugunni bog‘lab turgan ma’rifat ko‘prigidir. Uning ilg‘or g‘oyalari yosh avlodni bilimli, mustaqil fikrlaydigan va jamiyat taqdiriga befarq bo‘lmagan shaxs etib tarbiyalashda hali uzoq yillar davomida xizmat qilishi, shubhasiz.
Nilufar Bozorova, O‘zA