Munosabat

Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi, “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnali asoschisi, “Padarkush” pesasi bilan teatr san’atining tamal toshini qo‘ygan atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy 44 yoshida yovuz kuchlar qurboni bo‘ldi.
Vatanparvarligi uchun hayotdan, yashashdan mosuvo qilingan bu bobomizning bebaho merosi va shaxsiy namunasi hamma davrda o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi.
Kuni kecha qabul qilingan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori millat fidoyisi bo‘lgan bobomizning boy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi.
Qaror bilan Behbudiy merosini yanada kengroq o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Mazkur qarorning ahamiyati, unda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning nechog‘li dolzarbligi haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva o‘z fikrlarini bildirdi:
— Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zbek xalqining yuksalishi uchun juda katta ishlarni amalga oshirdi. O‘zbekistonda teatr san’atining qaror topishi, taraqqiy etishi va xalqimizning tarbiyasiga, ma’naviyatiga, madaniyatiga xizmat qilishi aynan Behbudiyning fikri va harakati bilan boshlandi. Behbudiy tarixni anglash, tarix zarvaraqlarini o‘rganish va umuman, madaniyat, ma’rifat va san’atga katta e’tibor qaratishni, har bir insonning ma’rifatli bo‘lishi, kitob o‘qishi, farzandlar tarbiyasiga katta e’tibor berishi kerakligi haqidagi masalalarni, maktab tashkil etish, yoshlarni ma’rifat yo‘lidan yurgizish g‘oyalarini ilgari surgan.
Bu g‘oyalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini, dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining bu qarori bobokalonimizning merosini to‘g‘ri anglash, yoshlarimizga yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qarorda bir qator vazifalar belgilab berilgani e’tiborga molik. Ayniqsa, bobomizning “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish, Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish ishlari uning merosini yoshlarga yetkazishda dolzarb ahamiyatga ega.
Samarqand davlat universitetida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilinishi, Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi ekspozitsiyasi boyitilishi e’tiborga molik.
Bundan tashqari, qarorda uning asarlarini sahnalarga olib chiqish, xalqimizga yetkazish, qolaversa, jahon sahnalari va telekanallarida namoyiish etish chora-tadbirlari belgilab berildi. Bu Behbudiyning boy ma’naviy-madaniy merosini keng targ‘ib qilish, yuksaltirish orqali O‘zbekistonning qadr-qimmatini dunyo oldida yanada keng namoyish etishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA