Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Behbudiy bir asr oldin ko‘targan muammo hanuz yechim topmayapti...
16:20 / 2026-01-19

Buyuk jadid ma’rifatparvari Mahmudxo‘ja Behbudiy 1915 yil “Oyna” jurnalida e’lon qilingan maqolasida “To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va-din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da dinimiz-da obro‘y va rivoj topar.

Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur” deya afsus va nadomat bilan tilga olgan to‘y va marosimlar muammosi bugun ham dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.  

Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 151 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda uning yuqorida keltirilgan so‘zlari yana bir bor yod etilib, xalq asosiy e’tiborni to‘y va marosimlarga emas, ilm-ma’rifatga, yoshlarning kamolotiga sarflashi lozimligi qayd etildi.

Behbudiy tavalludiga bag‘ishlangan tadbir uning byustiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, pedagoglar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda Behbudiyning ta’lim-tarbiya sohasidagi buyuk xizmatlari tilga olindi. Uning yoshlar kamoloti yo‘lidagi ulkan xizmatlari, jasorati xotirlandi. Shundan so‘ng, “Mahmudxo‘ja Behbudiy – millatning buyuk ma’rifatparvar o‘g‘loni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda so‘zga chiqqan Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazi direktori Anvar Sobirov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri F. Toshev , Behbudiy avlodlari, olimlar buyuk jadid hayoti, ijodi haqidagi ma’lumotlar, yangi topilmalar xususida to‘xtalib o‘tishdi.  

– Jadidchilik harakati asoschilaridan biri, jadid maktablari asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy xalqni o‘qimishli qilish, faqatgina diniy bilimlar emas, dunyoviy bilimlarni ham o‘zlashtirish yurt taqdirini belgilovchi asosiy vosita ekanligini o‘z chiqishlarida ko‘p bora ta’kidlagan va ushbu tashabbusni amalga oshirishga qat’iy bel bog‘lagan jadid ma’rifatparvarlaridan biri hisoblanadi, – deydi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi direktori Gulmurod Ahmedov. – Uning bevosita ko‘magida jadid maktablari ochilgan. O‘sha davrda diniy ta’limga asoslangan eski usul maktablaridagi qat’iy tartib-qoidadan bezgan xalq jadid maktablariga yopirilib keladi. Behbudiy o‘limidan oldin hozirgi Jomboy tumani hududidagi mahalllalardan birida muftiylik faoliyatini olib boradi. Ayni shu davrda mazkur hududda germaniyaliklar guruch zavod quradi. Ushbu zavod qurlishiga yordam bergan Behbudiy ushbu zavod mutasaddilari yordamida mahalliy yoshlarni Yevropada o‘qitishga intilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati, uning yozib qoldirgan asarlari ayni kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligi bobomizning naqadar yuksak ilm-ma’rifat egasi ekanligini anglatadi. Uning Qarshi shahrida o‘ldirilishi oldidan aytgan fikrlari bugungi yoshlarimizda vatanparvarlik ruhini shakllantirishda juda muhim deb o‘ylayman: “Bizning jonimiz xalqim, millatim uchun qurbonlik qilinishi kerak bo‘lsa, biz o‘limni ham xursandchilik bilan qabul qilamiz”. Bunday jasorat, mag‘rurlik yoshlar uchun o‘ziga xos ibrat namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

[gallery-27181]

Tadbir davomida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti, faoliyati haqida ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar, tadqiqotchilar tomonidan Behbudiyning jadidchilik faoliyati, tilshunoslikdagi ilmiy merosi hamda Samarqand jadidchilik harakatidagi o‘rni yuzasidan qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.

Tadbir o‘quvchi yoshlarning adabiy-badiiy chiqishlari bilan davom etdi. Ishtirokchilar Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi bilan tanishdi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari