O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, atoqli shoir Salim Ashur doim xalq ichida yuruvchi, yoshlar ijodi, faoliyatiga jonkuyarlik bilan qaraydigan qalamkashlardan sanaladi.
Salim aka mamlakatimizda muntazam o‘tkazilayotgan “Adabiyot bayramlari”, “Kitobxonlik haftaliklari”, “She’riyat bayramlari”, “Ma’rifat ulashib” loyihalarining faol tashkilotchilaridan va ishtirokchilaridan sanaladi.
Ustoz ijodkor 1964 yil 16 dekabrda Tojikiston Respublikasining Qo‘rg‘ontepa viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan.
1989 yilda Toshkent Davlat universitetining – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.
“Saodat” jurnalida bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida bosh muharrirning birinchi o‘rinbosari vazifalarida xizmat qilgan. Bir qator nashriyotlarda mehnat qilgan. “Turkiston” va “Molodej Uzbekistana”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetalari bosh muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Salim Ashur mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda kechayotgan tub ijobiy o‘zgarishlarni ta’sirchan va hayotiy tarzda aks ettirgan ko‘plab publitsistik, tahliliy maqolalar, ocherklarning muallifidir. Ijodkor 2012 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.
Uning dastlabki she’rlar to‘plami “Yashil giyoh” nomi bilan 1994 yilda nashr etilgan. Shundan so‘ng shoirning “Atirgul” (1994), “Siz ertaga kelasiz” (1999), “Kechikkan tong” (2002), “Atalgan kunlar” (2004), “Darz” (2006) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan.
Salim Ashur she’rlarida Vatan, istiqlol, mehr-muhabbat, yurtga sadoqat, eng samimiy va beg‘ubor tuyg‘ular tarannumi ustuvor o‘rin egallaydi. O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva Salim Ashurni “ko‘ngil shoiri”, deb ehtirom bilan e’tirof etgan edi.
Darhaqiqat, Salim aka yurakdan yozadi. Shu sababli uning satrlari millionlab muxlislarning qalbiga yetib borgan, ko‘ngliga muhrlangan.
Aleksandr Blok, Ivan Bunin, Afanasiy Fet she’rlaridan namunalar hamda Jan Pol Sartr, Konstantin Paustovskiyning qissa va ba’zi hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Ustozga mustahkam sog‘lik, yangi ijodiy parvozlarni tilab qolamiz.
N.Usmonova, O‘zA