Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Beg‘ubor bolalikdan mosuvo bolalar
14:56 / 2025-05-29

Dunyodagi barcha bolalar doimo g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. Shu ma’noda irqi, jinsi, tili, dini, tug‘ilgan joyi, milliy va ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy va boshqa holatlaridan qat’i nazar, ularning huquqlari hamisha himoyada bo‘lishi muhim. Biroq bugungi tahlikali davrda ayrim davlatlarda yashayotgan bolalarning hayotiga havas qilib bo‘lmaydi. Ular beg‘ubor bolaligini urush o‘chog‘ida, xoru-zorlikda o‘tkazmoqda.

Kongo poytaxti Kinshasa shahrining 20 millionga yaqin aholisi bor. Bu yerda  30 mingtaga yaqin bolalar  bosh panasiz, qashshoqlikda yashaydi. Bunga Kongo demokratik respublikasi sharqida armiya va “M-23” partizan guruhi o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar sabab bo‘layotir. Urush tufayli bolalarning beg‘ubor bolaligi yirik shaharlardagi qochqinlar lagerlarida o‘tmoqda.

Ispaniyaning AVS gazetasida yozilishicha, hisobotlarda raqamlar ba’zan kamaytirib ko‘rsatiladi. Kinshasa ko‘chalaridan tashqari, boshqa hududlarda ham o‘n minglab bolalar uysiz. “InteRed” nodavlat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, ularning 70 foizga yaqini12-18 yoshda, 26-48 foizi qizlardir.

Yana bir muhim ma’lumot – Jahon banki hisobotiga ko‘ra, 2024 yil Kongoda yoshlar ishsizligi darajasi 42 foizga yetgan. Aholining 50,83 foizini 15-64 yoshlilar tashkil etadi. Mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish  59 yosh. Eng global muammo bu qizlarning ta’lim olishi hisoblanadi. Kinshasadagi eng yirik “Mama Koko” mehribonlik uyida 400 dan ziyod bola istiqomat qiladi. Ularning ko‘pchiligi nogiron. Masalan, ayrim bolalarda ruhiy, jismoniy, aqliy xususiyati ortidan muayyan shaxs yoki guruhga nisbatan salbiy munosabat shakllangan. Shu bois ularni oilalari ham tashlab ketgan. Bunday holatlar fanda “stigmatizatsiya” atamasi bilan ifodalanadi. Achinarlisi, bo‘limlarda 1-2 yoshli go‘daklar, kasallangan chaqaloqlar ko‘p.

Bugungi kunda KDRda “kuluna” nomi bilan tanilgan toifa shakllangan. Ya’ni, bolalar jinoiy guruhlarga a’zo bo‘lib kiradi va muntazam ravishda zo‘rlash, o‘ldirish, tahdid va o‘g‘irlik bilan shug‘ullanadi. Nazoratsiz o‘g‘il-qizlar bunday ko‘nikmani ko‘chada, ko‘prik va yer osti yo‘llarida o‘zlashtiradi. Ular vaqtini asosan bozorlarda o‘tkazadi. Buning ustiga noan’anaviy odatlar tarqalishi, aholining joduga e’tiqodi kuchayishi qo‘shiladi. Ba’zi oilalar “muammolariga farzandlaridan biri sabab ekani”ga ishonadi va bolasini uydan haydab yuboradi.

– KDR ko‘chalarida yashovchi minglab bolalarning dahshatli haqiqati mamlakat boshdan kechirayotgan chuqur gumanitar inqirozni aks ettiradi, – deydi “Karibu” assotsiatsiyasi rahbari, inson huquqi himoyachisi Nikolas Ndongala. – Bu bolalarning aksari yetim yoki buzilgan oila farzandi. Ular og‘ir mehnat, zo‘ravonlik sharoitida omon qolishga majbur.

Muharrama Pirmatova tayyorladi.

O‘zA