Ilmiy izlanishlarga qaramay, afsuski, hozirga qadar inson qonini to‘liq almashtira oladigan sun’iy preparat mavjud emas.
Bugungi kunda qon va uning komponentlari zamonaviy tibbiyotning ajralmas qismi hisoblanadi. Jarrohlik amaliyotlari, transplantatsiya, onkologik va gematologik kasalliklarni davolash, shuningdek, baxtsiz hodisalar oqibatida og‘ir jarohat olgan bemorlar hayoti ko‘p jihatdan donor qoniga bog‘liq. Shu bois dunyo miqyosida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish sog‘liqni saqlash tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi.
Ilmiy izlanishlarga qaramay, afsuski, hozirga qadar inson qonini to‘liq almashtira oladigan sun’iy preparat mavjud emas. Ayrim hollarda qon plazmasining o‘rnini bosuvchi eritmalar, gemoglobin asosidagi kislorod tashuvchi preparatlar qo‘llaniladi. Biroq ular faqat vaqtinchalik yordamchi vosita bo‘lib, immun tizim, qon ivishi va hujayraviy faoliyatni to‘liq ta’minlay olmaydi. Demak, beg‘araz donorlik hamon yagona va ishonchli manba bo‘lib qolmoqda.
Shu bois ham yurtimizda donorlik harakatini rivojlantirish, qon xizmati muassasalari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda ushbu yo‘nalishda Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, 13 ta hududiy va 2 ta respublika qon quyish stansiyasi, 13 ta qon quyish bo‘limi samarali faoliyat yuritmoqda. Asosiy maqsad davolash muassasalarini sifatli qon va qon komponentlari bilan barqaror ta’minlash hamda jamiyatda donorlik madaniyatini shakllantirishdir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, har bir davlatda 1000 nafar aholiga kamida 30 nafar donor to‘g‘ri kelishi lozim. Hozirda O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 10 nafarni tashkil etmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu raqam oshirilsa, mamlakatning qonga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 2023 yilda 130,6 tonna, 2024 yilda 148 tonna, 2025 yilda 153 tonna sifatli qon tayyorlangan.
Ko‘rsatkichlar yil sayin o‘sib borayotgani ijobiy hol, ammo ehtiyojni inobatga olgan holda bu salohiyatni yanada oshirish lozim. Ana shularni inobatga olgan holda so‘nggi yillarda 13 ta maxsus jihozlangan ko‘chma donorlik kompleksi – “Isuzu” avtobuslari hududlarga taqdim etildi. Ular zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlangan bo‘lib, sayyor donorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dunyo tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, donorlik tizimi ayniqsa, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya va Skandinaviya davlatlarida yuqori darajada rivojlangan. Ushbu mamlakatlarda donorlik to‘liq raqamlashtirilgan tizim, aholining yuqori xabardorligi, keng imtiyozlar va ijtimoiy rag‘batlantirish orqali ta’minlangan. Ayniqsa, ixtiyoriy va beg‘araz donorlik ustuvor tamoyil sifatida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu qon xavfsizligi va sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda ham donorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilmoqda. 2025 yil 28 fevralda qabul qilingan Qonunga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga beriladigan bir martalik pul mukofoti BHMning 15 baravariga yetkazildi.
Shuningdek, ular yillik ta’tilni o‘zlari uchun qulay vaqtda olish, shahar jamoat transportidan bepul foydalanish, sanatoriy-kurort yo‘llanmalarini navbatsiz olish huquqiga ega.
Hozirgi zamonda qonning o‘rnini bosadigan to‘liq muqobil mavjud emas ekan, har bir sog‘lom insonning donorlik harakatida ishtiroki beqiyos ahamiyatga ega. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilik takomillashuvi va moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi bu sohani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, jamiyatda donorlik madaniyatini shakllantirish barchamizning vazifamizdir.
Mohigul Qosimova, O‘zA