O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan Xorazm viloyat qon quyish markazida "Bor mehrimiz senga, bolajon!" beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazildi.
Qurbon hayiti munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi idora va tashkilotlar, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, ko‘ngillilar, partiya faollari, deputatlar. faol ishtirok etishdi.
--Partiyamizning an’anaviy tadbirlaridan biriga aylangan mazkur aksiya bemor bolajonlarni sog‘lom hayotga qaytarib, barkamol insonlar bo‘lib kamol topishida va ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda,-- deydi partiyaning viloyat kengashi raisi Sodiqjon Boboyev.--Topshirilgan qon to‘g‘risidagi ma’lumotlar viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi gematologiya bo‘limida davolanayotgan bemor bolalarga yetkazildi.
[gallery-23782]
Har yili an’anaviy ravishda o‘tkaziladigan mazkur xayriya aksiyasi tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, bemor bolalar hayotini saqlab qolish, shuningdek, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan.
– Har yili partiya tashabbusi bilan tashkil etilib kelinayotgan donorlik aksiyasida faol ishtirok etaman,--deydi urganchlik donor Ergashbek Matchanov.-- Bu safar ham ertalabdan markaziga kelib, qon topshirish talablariga rioya qilgan holda qon topshirdim. Topshirgan qonim bemor bolajonlarni sog‘lom hayotga qaytarishda asqatishini juda-juda istayman.
---Farzand, nabira kasal bo‘lsa, ota-ona, buvi-buvalar uchun undan og‘iri bo‘lmasa kerak, ---deydi bemor bolajon Lazizbek Otanazarovning buvisi Dilbar Jumaniyozova. -- Yetti yashar nabiram Lazizbek olti oyligidan nasliy gemolitik anemiya talassemiya kasalligiga chalinib, ko‘pdan davolatib kelamiz. Shu davr mobaynida moddiy qiyinchiliklar ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qo‘ymadi. Farzandimga partiya faollari tomonidan muntazam beg‘araz donorlik qilib kelishmoqda. Bugun ham nabiramga faollar tomonidan beg‘araz donorlik qilishdi. Tashkilotchilardan minnatdormiz.
Amalga oshirilayotgan bu kabi saxovat amallari farzandlarimizning sog‘lom, baquvvat va barkamol bo‘lib voyaga yetishlarida hamda mamlakatimizda insonlar qadrini ulug‘lash tamoyili hayotga samarali tatbiq etilishida xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Beg‘araz donorlik aksiyasi davom etmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari