Sirdaryo viloyatida bolalarga tibbiy va ijtimoiy ko‘makni kuchaytirish maqsadida muhim tashabbus amalga oshirildi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Markaziy apparatining tashabbusi bilan onkologik klinikalarda davolanayotgan bolalar uchun beg‘araz donorlik aksiyasi tashkil etildi.
Aksiya “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida o‘tkazilib, tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini muhofaza qilish va ruhiy quvvatini mustahkamlashga qaratildi. Ko‘ngillilar, mahalla faollari va aholi ishtirok etgan ushbu aksiya orqali qon va tibbiy yordam vositalari bilan bolalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

– Beg‘araz donorlik aksiyalari orqali biz nafaqat qon ta’minotini ta’minlaymiz, balki og‘ir kasalliklardan aziyat chekayotgan bolalarga e’tibor va qo‘llab-quvvatlash hissini uyg‘otamiz, – deydi Sirdaryo viloyat qon quyish stansiyasi rahbari Haydar Salomov. – Chunki bu kabi tashabbuslar bolalarning salomatligini muhofaza qilish va ularning ruhiy holatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir davomida bolalar bilan suhbatlar tashkil etildi, ularning ehtiyojlari o‘rganildi va salomatligini yaxshilash uchun zarur choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va partiya hamkorlari shu kabi aksiyalarning davom etishini va bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilishini ta’kidladilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri