O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi tashabbusi bilan respublikamizdagi barcha viloyat qon quyish stansiyalarida “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostidagi donorlik aksiyasiga start berildi.
Aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, beg‘araz yordam muhitini kuchaytirish, bolalar salomatligini muhofaza qilish hamda onkologik klinikalarda davolanayotgan bolalar uchun beg‘araz donorlik yordamini ko‘rsatishga qaratilgan.

Navoiy viloyati qon quyish stansiyasida ham o‘tkazilgan mazkur donorlik aksiyasida tegishli tashkilot, korxona va muassasalar, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya tashkilotlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari xodimlari, partiya faollari va xayrixohlar faol ishtirok etdi.

– “Adolat” SDP tomonidan an’anaviy tarzda har yili ikki marotaba o‘tkazib kelinayotgan “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostidagi donorlik aksiyasi viloyatdagi korxona, tashkilotlar, umuman keng jamoatchilik orasida ommalashib, donorlar safini kengayishiga katta hissa qo‘shmoqda. Qon topshirish birinchi navbatda donorning o‘z salomatligi uchun koni foyda. Favqulodda holat yuz berib, qon yo‘qotishga to‘g‘ri kelganda, donorlar bir litrgacha qon yo‘qotilishiga bemalol chidashi mumkin bo‘ladi, – deydi viloyat qon quyish stansiyasi bo‘lim boshlig‘i Sobir Tursunov.

Aksiya joriy yilning 13 iyuniga qadar davom etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri