Atoqli adabiyotshunos, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, alloma Begali Qosimovning “TANLANGAN ASARLAR” nomli III jilddan iborat kitoblari nashrdan chiqdi.
Kitobning I jildi “O‘zbek adabiyoti tarixi” deb nomlanadi. Ushbu jildda o‘zbek adabiyotining qadimgi davridan XIX asr oxirlarigacha bo‘lgan adabiy hodisalar, ijodkorlar, ularning asarlari haqidagi tadqiqotlar jamlangan.
II jildi “Milliy uyg‘onish davri adabiyoti” deb nomlanadi va unda jadidchilik va jadid adabiyoti tahlili, xususan, Behbudiy, Siddiqiy-Ajziy, Nozimaxonim, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, So‘fizoda singari ma’rifatparvar adibu shoirlar asarlarida jadidchilik g‘oyalarining badiiy, ilmiy-publitsistik talqini masalalari ilmiy-nazariy asosda tahlil qilinganini ko‘rasiz.
III jildi “Adabiy-tarixiy jarayon”ga bag‘ishlanadi. Unda olimning zamonaviy adabiy-tarixiy jarayon bilan bog‘liq maqolalari, adabiy suhbat hamda safar xotiralari, xususan, mustaqillik davri adabiy-ilmiy hayotiga doir jiddiy kuzatishlari, zamondoshlari bilan suhbatlari, ilmiy safarlari davomida ko‘rgan-kechirganlari o‘z aksini topgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashr etilgan ushbu nodir kitoblar adabiyotimiz muhiblari, muxlislariga milliy adabiyotimiz tarixi, kechasi va bugunini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi.
Begali Qosimovning “TANLAGAN ASARLAR”ini, albatta, o‘qing.
O‘zA