Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Befarqlikka murosasiz adib
16:14 / 2023-08-10

Jurnalistikada endi ish boshlagan kezlarim... Bosh muharrir topshirig‘i asosida yoshlarning orzu-intilishlariga doir material tayyorlash uchun atoqli yozuvchi Erkin A’zam huzuriga borgandim. Yozuvchining favqulodda samimiyligi, ijodga, ishga mukkasidan ketgani, ona tilimizga ulkan muhabbati, imloviy xatolarga, didsizlikka, soxtalikka, befarqlik va beg‘amlikka nisbatan o‘ta murosasizligi meni juda hayratlantirgan edi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, atoqli adib Erkin A’zam 1950 yil 10 avgustda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug‘ilgan.

Yozuvchining dastlabki hikoyalar to‘plami "Chiroqlar o‘chmagan kecha" 1977 yilda chop etilgan. Ijodkorning "Otoyining tug‘ilgan yili", "Olam yam-yashil", "Javob", "Bayramdan boshqa kunlar", "Kechikayotgan odam", "Jannat o‘zi qaydadir", "Ertak bilan xayrlashuv", "Guli-guli", "Shovqin" kabi hikoyalar to‘plamlari, povest va romanlari chop etilgan.

Ko‘plab asarlari rus, tojik, ingliz va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilingan.  

Erkin A’zam "Chantramore", "Piyoda", "Dilxiroj", "Erkak", "Zabarjad" kabi qator kinofilmlarning ssenariy muallifi hamdir. 2007 yilda uning "Jannat o‘zi qaydadir", "Shajara", "Farrosh kampirning tushi", "Xonadon egasi", "Tanho qayiq yoxud devonaning orzusi" kabi p’esalari nashr etilgan. "Shovqin" romani adibning ijodiy o‘sishida yangi bir bosqich bo‘ldi.  

Adib qalamiga mansub "Erkak" badiiy filmi 2004 yilda "Kinoshok" xalqaro kinofestivalida "Eng yaxshi ssenariy" nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilgan. Shuningdek, Vezul (Fransiya) xalqaro kinofestivalida Bosh sovrin (Gran-pri)ga sazovor bo‘lgan. "Suv yoqalab", "Parizod" ssenariylari asosida yaratilgan badiiy filmlar nufuzli Xalqaro kino anjumanlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.  

2019 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Adib va jamiyat” seriyasida “Yozuvchining bog‘i” nomli povest va hikoyalar to‘plami, keyingi yillarda 4-jildlik “Tanlangan asarlar”i nashr etildi.  

Erkin A’zam 2013 yilda "Eng ulug‘, eng aziz" tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.  

1998 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist”, 2016 yilda “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvonlari, 2020 yilda “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan. Ijodkor Yozuvchilar uyushmasining adabiy forumlari, anjumanlari, muloqotlari, "Adabiyot bayramlari"da faol ishtirok etadi. 

Bugun tavallud kunini nishonlayotgan ustoz yozuvchi, jurnalist, kinodramaturg  Erkin A’zamning to‘g‘ri so‘zligi, haqgo‘yligi, ona tilimizga, kitobga, milliy adabiyotga chin ma’nodagi mehri va e’tiqodi barchamiz uchun ibrat maktabidir.  

Nazokat Usmonova, O‘zA