Doimiy hamroh
«Kunduzgi chiroq» kitobi mutolaasidan keyingi o‘ylar
Abdurasul Jumaqulning «Kunduzgi chiroq» deb nomlangan to‘plami haqida bir so‘z aytish istagi paydo bo‘ldi.
Kamina Abdurasul Jumaqulni, avvalo, jonkuyar va o‘ta adolatparvar ziyoli deb bilaman. Aytib qo‘yay, uning «Hurriyat»ni «tirik» nashr o‘laroq ma’rifat ahliga taqdim etib kelishining o‘zida katta jasorat bor. Mazkur gazetaning bugungi «bor»ligi – Jumaqulovning jonsarak bo‘lib tinib-tinchimasligi, intilishi, yelib-yugurishi hisobigagina erishilayotgani ham bor gap. Buni hech kim bilmasa ham gazetachilar yaxshi biladi. Qolaversa, har hafta aynan «Hurriyat»ning chiqishini intiq bo‘lib kutadiganlarning borligi bugungi kunning alohida yutug‘i. Bu natijaning bosh qahramoni, shak-shubhasiz, ushbu nashr rahbari Abdurasul Jumaqulovdir.
Endi «Kunduzgi chiroq» haqida gapiradigan bo‘lsak, unda Abdurasul akaning siyrati nisbatan sokin qalbli ijodkor o‘laroq namoyon bo‘lgan bo‘lsa-da, aslida men uni hayotda ancha keskin, jiddiy va kezi kelganda, har qanday davrada, jamoada haqiqatni tap tortmasdan gapira oladigan «tog‘ yigiti» degan bo‘lardim.
Ba’zi-ba’zida mavzular bo‘ladi, tortishamiz, asabiylashib qolamiz hatto. Biroq bu bahsu munozaralarning pirovard muddaosi, izlangani, albatta, adolat bo‘ladi. Kitobni varaqlab turib, unda muallifning o‘sha adolatparvarligi bo‘y ko‘rsatib turganini ilg‘ash qiyin emas.
Publitsistika – jurnalistikaning yetilgan mutaxassislariga tan janr. Chunki unda keng miqyosli fikrlash, mushohada qilish, xulosalarni taqdim etish talabi bor. Пuблицистикага qo‘l urdingmi, demak, sen jurnalistlarning «ilg‘or»laridansan. Shubhasiz, Abdurasul Jumaqul bugungi matbuotning oldingi safida yurgan ijodkordir. U hatto «kunduzi chiroq yoqib» jamiyatga ezgulik nurini taratishni va yana o‘sha ezgulikning mevalarini ko‘rishni istaydi, ko‘radi ham.
Tasavvur qiling, bugun jamoatchilik e’tiboridagi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatgan odam ba’zi «qoramtir» kayfiyatlardan ko‘ngli zada bo‘lib ketadi. Agar har bir fikrga «quloq» tutsang, bu hayotda yorug‘lik qolmaganmi, deya ikkilanib ham qolasan, kishi.
Shunday paytda insonmiz-ku, nega bunaqamiz o‘zi, deya savol berging keladi atrofga boqib. Axir, hayot davom etmoqda. Biz tug‘ilib o‘sgan yurt so‘nggi yillarda ko‘p sohalarda dunyoga o‘zining borligini ko‘rsatib qo‘yyapti.
Aslida siyosatsiz soha yo‘q. O‘zbekiston bugun siyosiy yuksalish yo‘lida ekanini kim inkor eta oladi? 2016 yildan boshlangan islohotlar jamiyatning bor anduhlarini yuzaga chiqarmadimi? «Haqiqat» degan so‘zning borligini faqatgina kitoblarda o‘qigan millionlab odamlar bugun ro‘shnolik ko‘rib, hayotga qaytganini kim inkor eta oladi?
Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» kitobi haqida mushohada qilar ekan, muallif «Yorug‘ tonglar orzusi» maqolasida kechagi kunni adolat tarozisi bilan eslab: «So‘z erkinligi yo‘q qilingan edi. Mabodo, biror nashrda ozgina tanqid e’lon qilinsa ham tanqid ob’ekti emas, tanqid qiluvchi nishonga olindi. Yoxud uzoq yillar «odil va xalqparvar» sudlarda birorta oqlov hukmi bo‘lmagani nimani англатар edi?», deb dangal aytadi.
Boshqalarni bilmadimu, u shunga monand keskir, to‘g‘ri, haq gaplarni bundan ancha yillar avval, ya’ni haqiqatni gapirish, yozish «mumkin bo‘lmagan» davrlarda ham gapirgan, yoza olgan hamkasblarimizning eng sanoqlilaridan biridir. Buning uchun u qancha ta’nalarga qolib ketgani ham haqiqat. Ammo ijodkorni haqparvarlik, jasorat qonida bo‘lsa, uni bedorlik tuyg‘usi, bedorlik haqiqati hech qachon tark etmas ekan. Bunga Abdurasul Jumaqulovning ijodiy faoliyati yaqqol misol bo‘lishi mumkin.
Endi yana Jumaqulovning maqolasiga qaytaylik. Muallif davr va zamonni tahlil qilar ekan, Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan, bir qarashda odatdagidek, go‘yo o‘zi tabiiy shunday bo‘lib qolgandek tuyuladigan, aslida esa ularni xalq, millionlab kishilar bilib, bundan jabr ko‘rib kelgan muammolar yechim topganiga e’tibor qaratadi.
Mana, yana bir misol: «Avvallari sobiq Ittifoq aybdor edi, shu bois paxta yakkahokimligidan qutula olmas edik. Ammo mustaqil davlat bo‘lganimizdan keyin ham nega maktab o‘quvchilaridan tortib, shifokorlaru o‘qituvchilargacha, bank idoralari xodimlarigacha hamma-hamma paxta dalasiga haydaldi?».
Yoki: «…Oliy o‘quv yurtlari deyarli yuz foiz tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik «bunker»lariga aylanib ketgandi. Yo‘li bor ekan, bu maynavozchiliklar, қаллобликлар yo‘qotildi…», deb yozadi u.
Darhaqiqat, yaqin o‘n yil ilgari shu gapларning qay biri yolg‘on edi? Yangi Ўзбекистон o‘z strategiyasida ko‘rinib turgan bu adolatsizliklar, haqsizliklarni bartaraf etish yo‘lini tutmadimi? Abdurasul Jumaqul o‘z vaqtida, yuqorida ta’kidlaganimizdek, jurnalist sifatida «Ўзбекистон ovozi»ning Surxondaryo viloyatidagi muxbiri sifatida yozgan o‘nlab tanqidiy maqolalarida vohadagi turli qing‘ir ishlar, korrupsiya, hokimiyat organlari mansabdorlari tomonidan amalga oshirilgan qonunbuzarliklarni qalamga olgan. Endi tasavvur qilingki, ularning har biri jurnalistning qancha halovatini, tinchini, salomatligi va osoyishtaligini o‘g‘irlagan? Qolaversa, uning rahbarligi davrida «Hurriyat» gazetasida e’lon qilingan bir-biridan keskin tanqidiy chiqishlar hali esdan chiqqan emas...
Shu ma’noda, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovning «Ishonch» gazetasiga bergan intervyusida alohida ta’kidlab, nafaqat jurnalist, balki yozuvchi ham, avvalo, jurnalist bo‘lishi, o‘sha o‘zi yozmoqchi bo‘layotgan mavzu ichida qaynamog‘i kerak, degan gaplarini esladim. Abdurasul Jumaqulning bu yozmishlarini o‘qib, beixtiyor men uning kechagi kunlarini bir-bir xayolimdan o‘tkazdim. Beixtiyor…
Agar birovga yaxshilik sog‘inmasang, кo‘nглингda faqat egrilik bo‘lsa, qayerdan topasan o‘sha sen yo‘q deb turgan narsani? Shunaqa savollar keladi, kitobning siyosiy пuблицистика qismidagi muharrirona maqolalar mutolaasidan keyin o‘qirman ko‘ngliga.
Keyin yana bir tin olib mutolaani davom ettirar ekansiz, muallif o‘qirmanni o‘ylaganini anglaysiz. U kitobxonni mushohadadan keyin yaxshilikka, yorug‘likka chorlaydi. Inson qalbini o‘rganishga, undan o‘rnak olishga undaydi. Ayniqsa, uning ona haqidagi ёзмишлариni o‘qib, to‘g‘risi, beixtiyor o‘zimni, o‘zimning onamni o‘yladim. Ko‘p voqealar xayolimdan o‘tdi. Onaga cheksiz muhabbatini endi kitoblariga muhrlayotgan muallifning armonlari haqida o‘ylab yana ezildim. Armonlarimiz ham o‘xshash ekan… «Kunduzgi chiroq»dagi «Onam» deb nomlanuvchi kechinmalarni iztirobsiz o‘qib bo‘lmaydi:
«...Yarim tunda uyga yetdim. Aka-ukalarim, yana kimlardir tashqarida o‘tirishar edi. Ichkariga otildim. Opa-singillarim bo‘lsa kerak, onam atrofida yig‘lab o‘tirishar, onajonim esa qandaydir libosga o‘rog‘lik ekan. «Qani mening onam?!». Bo‘g‘zimga bir achchiq yig‘i, yo‘q, zardob, o‘kirik portlab keldi. Onajonimning yuzlarini ochdim. Enajon! Nega hamisha kulib turuvchi ko‘zlaringiz qattiq yumuq? Nega bunday yotibsiz? Ko‘zlaringizni oching, bir nima deng. Axir qachon kelsam, bolalarimni, nabiralaringizni birma-bir so‘rar edingiz-ku? «Kelishmadimi?», deyar edingiz-ku?!
Darrov onaizorimning peshonalariga qo‘limni qo‘ydim, yuzlarini siladim. Axir peshonasi, yuzlari issiq-ku! «Jon Xudojon, rahm qil, onam yana ozgina yashasin!» deya Yaratgandan qalban iltijo aylab so‘rar edim.
Opa-singillarim uvvos solib yig‘lashar, men bo‘lsa shu tobda onamning hali tafti sovimagan yuzlariga yuzimni bosgancha o‘zimni bilmay qoldim...».
Ha, inson bolasiga onaizoridan ayrilish, ona bilan vidolashishdan ham og‘irroq azob, kulfat bo‘lmasa kerak. Ko‘ngil o‘ta og‘ir, o‘ta mahzun o‘ylar girdobida qoladi...
Kitobdan o‘rin olgan «Shoirlik – Yaratganning ulkan hikmati» essesi Abdurasul Jumaqul bilan suhbatlarimiz ko‘proq bo‘lib turishi kerakligini uqtirgandek bo‘ldi. Men esse qahramoniga eng yaqin ukaman deb yurar edim, aslida. Esse ulkan shoirimiz, qalbi daryo ustozimiz Azim Suyun haqida.
«O‘tgan asrning 90-yillarida yozgan bir she’rida Azim Suyun shunday deydi: «Mening sodiq yo‘lboshchim Bo‘ri». Shu gapning o‘zi bir dostonga teng!
Chindan ham, Azim aka yuragi o‘ta baquvvat kishilardan edi. U o‘z ismiga monand azim chinor edi. Azim daryo edi. Uning turish-turmushida beg‘araz insoniylik mujassam edi. Bugun Azim aka haqida davralarda gurung boshlansa, to‘xtamaydi, shogirdlar qanday ulkan shoirning yonida yurganini endi, u bu yorug‘ olamni tark etganidan keyin yillar o‘tib bilib qolgandek biri olib, biri qo‘yadi. Barida mehr to‘la. Ustozni samimiy sog‘inch bilan eslashadi. Abdurasul Jumaqulning essesida ham ustozga minnatdor qalb yaqqol namoyon bo‘lib turibdi.
Esseda 1998 yili Abdurasul Jumaqulovning «O‘zbekiston ovozi» gazetasi bosh muharriri huzuriga kelgani, uning qanday qabul qilingani haqida bir samimiy nuqta bor. Muallif shu joyda o‘ta kamtarlik bilan Azim akaning Surxondaryo odamlari, tog‘lari, daryolari, taniqli polvonlariyu ovchilarigacha, Surxondaryo tog‘laridagi buloqlaru sharsharalar, ko‘pming yillik chinorlaru archazorlar haqida so‘zlay ketganini hikoya qilib, qistirib o‘tadi: «Ochig‘i, men bular haqida shu paytgacha deyarli hech narsa bilmas ekanman».
Aynan shu joyiga qo‘shimcha qilay. O‘zim ham shu insondan ustozlik mehrini ko‘rganman. 1992 yilda majlisga kechikib kelganim sabab ishdan bo‘shashimga bir bahya qolganida, yangi kelgan muharririmiz Azim Suyun men bilan yuzma-yuz gaplashishni ma’qul ko‘rdi. Va o‘sha muloqotda meni besh-olti nafar baxmalligim bo‘lgan zamon ziyolilari bilan g‘oyibona tanishtirdi. Men aynan baxmallik hamyurtlarimni mana shu bebaho inson orqali tanidim. Abdurasul aka bu joyda ham haq gapni yozibdi.
Kitobdan Sa’dulla Hakim, Qurbon Eshmat kabi xalqimizning jonkuyar farzandlari, taniqli ijodkorlari haqida ham yorug‘ xotiralar o‘rin olgan. Bundan tashqari, bir qancha kichik voqeiy hikoyalar, sayohatnoma mavzusidagi ajoyib ocherklarni ham maroq bilan o‘qish mumkin. Ammo men kitobni batafsil tahlil qilmoqchi emasman. Unga so‘zboshi yozgan taniqli adib, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, ustozimiz Ahmadjon Meliboyev bejiz quyidagicha ta’kidlamagan: «...kitob qo‘lyozmasini mutolaa qilish chog‘ida bosh muharrirning behalovat kunlariyu tunlari gazetalarning sarg‘aygan sahifalarida qolib ketmaganiga amin bo‘ldim. Bir joyda to‘xtab qolmagan, izlanayotgan ijodkorning yoqimli shabadasi esib turibdi unda. Demakki, badiiy пuблицистикамиз yana bir go‘zal, salmoqli, serqirra kitob bilan boyigani, takomil topgani aniqdir».
Darhaqiqat, shunday. Mabodo, kitob mutolaasidan olgan taassurotlarimni to‘liqroq qog‘ozga tushirmoqchi bo‘lsam, ko‘p-ko‘p fikrlar, mushohadalarni aytsam arziydi. Lekin asli muddaoim shunday bir yangi, albatta, o‘qish shart degan maqomga loyiq kitob dunyo yuzini ko‘rgani haqida yurtдошларимизга bildirish edi. Qolganini zukko o‘quvchining o‘ziga qoldiraman.
Husan ERMATOV,
jurnalist