Bozorlarda parranda mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu esa parranda mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, ayniqsa tuyaqushchilik, bedanachilik kabi tarmoqlarni yanada rivojlantirishni taqozo etadi.
Bedana go‘shti oziq-ovqat sanoatida birinchi navbatda parhezbopligi uchun qadrlanadi. Bedana go‘shtining o‘ziga xos xususiyati vitaminlar, mikro va makro elementlar, tez parchalanuvchi moddalarga boyligidir. Bedana tuxumi esa barcha ozuqa moddalarga boy mahsulot. Vitamin va minerallarning tarkibi jihatidan ular tovuqnikidan qolishmaydi.
Bedana tuxumi tarkibida 2-3 barobar ko‘p aminokislotalar, temir moddasi, vitaminlar mavjud. Qolaversa, antibakterial, antitumor, immunomodulyatsion xususiyatlarga ega. Yog‘ almashinuvini yaxshilaydi, qon bosimini normallashtirib, immunitetni kuchaytiradi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bedana normal sharoitda 35-45 kunligidan tuxum qo‘yishni boshlaydi. Bir yil davomida bir dona urg‘ochi bedana taxminan 2,5 kg tuxum massasini beradi, bu uning tirik vaznidan 20 baravar ko‘p degani.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Zangiota tumani “Olmazor” MFY hududida yashovchi Kamoljon Qosimov xonadonida ham bedanachilik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Xonadonga Zangiota tuman Agroxizmatlar markazi rahbari Bahodir Alimqulov tashrif buyurib, xonadon egasiga bedanachilik faoliyati bilan shug‘ullanish davomida ilmiy yondashuvning samarali jihatlari to‘g‘risida tushuntirish berdi.
Xususan, oziqlantirish jarayonida ozuqa birligiga qisman o‘zgartirish kiritish, baliq yog‘i bilan aralashmalar yordamida ozuqa birligini oshirish, parrandalarning kasalliklarga chalinishining oldini olish bo‘yicha tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan tavsiya etilgan preparatlarni qo‘llash bo‘yicha qo‘shimcha maslahatlar berildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA