Gap o‘zboshimchalik bilan hech bir ruxsatsiz qurilgan noqonuniy qurilmalar haqida borar ekan, bu mavzu aslo qonunga muvofiq qurilgan imoratlar, qonunga ko‘ra, davlat va jamiyat manfaatlari uchun olib qo‘yiladigan ko‘chmas mulk «snos»lari va ular uchun zararni qoplashga doir nizolarga taalluqli emas.
Ushbu mavzu faqatgina o‘zboshimchalik bilan hech bir ruxsatsiz qurilgan noqonuniy qurilmalar va ular yuzasidan sudlarda ko‘rib chiqilayotgan nizolar haqida.
Demak, avvalo O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek, imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanishini anglab yetishimiz shart. O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi.
Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga - sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurilishi natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sud qaroriga muvofiq, noqonuniy qurilmani qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi mumkin.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan yoki noqonuniy qurilmalarni buzish borasidagi ishlar amaliyotiga e’tibor qaratsak, 2021 yilda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga 292 ta ana shunday da’vo arizalari kiritilgan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan shunday da’volar joriy yilning dastlabki 50 kunida 300 (2021 yilda esa, jami 292 ta)dan ortiqni tashkil qilmoqda.
BU NIMANI ANGLATADI?
Toshkent shahridagi FIB sudlariga ham bu toifa 1000ga yaqin da’volarning kiritilganligini e’tiborga olsak, bu raqamlar o‘tgan yilga nisbatan bir necha barobar oshgan, deyish mumkin. Bu nimani anglatadi? O‘tgan bir yil davomida aholi tomonidan shuncha noqonuniy qurilma qurib olinganliginimi?
Yo‘q. Chunki bu kabi o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmalar oxirgi bir yilda qurilmagan. Aksari, yillar davomida qurilgan.
Xush, unda masala nimada, o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmalarning "bolalab" ketishiga kim aybdor?
Bunday qurilmalarning yuzaga kelayotganligining omili nimada?
Demak, bugungi mavzuning ham kulminatsion nuqtasi aynan mana shu savol, uning aniq javoblari va boshqa fikr-mulohaza hamda takliflar xususida.
KIM AYBDOR?
Albatta birinchi tomon, ya’ni tegishli davlat va nazorat idoralari va mas’ullar:
- Qurilishga ruxsat olishning sodda va shaffof mexanizmini o‘zida mujassam etgan huquqiy asos, ya’ni bu borada zamon va ilg‘or xalqaro standartlar talablariga javob beradigan qonunchilik asosi o‘z vaqtida yaratilmadi.
- Faqat oxirgi 3 yil ichida bu boradagi qonunchilik bazasi mustahkamlandi, norma ijodkorligida sezilarli o‘zgarishlar qilindi.
- Shaharsozlikning ko‘p yillik konsepsiyasi o‘z vaqtida ishlab chiqilmadi, natijada vaqtincha, yengil tipdagi konstruksiya va boshqalar degan tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun ajratiladigan yer uchastkalarida quriladigan hamda birinchi ogohlantirishdayoq buzib tashlanishi lozim bo‘lgan qurilmalar – aqlsiz, korrupsiyagen tizim ishlab kelganligini ko‘rsatadi va bu oddiy holatga aylandi.
- Bunday qurilmalar buzilsa, ikkinchi tomon - tadbirkor qancha vaqt, mehnat sarflashi, qancha zarar ko‘rishi va buning natijasi oxir-oqibat iqtisodiyotimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi e’tibordan chetda qoldi.
- Yaxshiyamki, bu toifa ruxsat berish amaliyotiga davlatimiz rahbarining qarori bilan chek qo‘yildi. Yer uchastkasini sotib olish, foydalanish, qurilma qurish tizimi realizatsiyasining haqiqiy bozor iqtisodiyotiga, ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan huquqiy asosi – yer uchastkasiga egalik va undan foydalanish huquqini ochiq kim oshdi savdolarida sotish mexanizmi belgilandi.
- Shunga qaramay sohada qonun ustuvorligi emas, topshiriq ustuvorligi hali-hamon davom etmoqda.
-Sud jarayonida berilayotgan taraflarning tushuntirishlariga muvofiq, ayrim o‘zboshimchalik bilan qurilayotgan qurilmalar mahalliy mansabdorlarning og‘zaki roziligi va topshirig‘i bilan qurilganligi, ular esa o‘z navbatida katta mansabdorlarga hududlarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari loyihalari doirasida qilinayotgan ishlarni taqdimot qilishga zo‘r berganligi va natijada tegishli tartibda ruxsat olinmagan qurilmalarni qurilganlik holatlari ham aniqlanmoqda.
Shuningdek, bu toifa da’vo arizalarning qisqa muddatda sezilarli ravishda ortganligi, o‘zboshimchalik bilan qurilgan yoki noqonuniy qurilmalar bo‘yicha tegishli ravishda tizimli nazorat o‘rnatilmaganligi, nazorat idoralari tomonidan bu borada qonunni ijrosini nazoratiga emas, urg‘u qonunosti hujjatlariga qarab qolinganligi, yuqori turuvchilarning topshirig‘iga qarab ish ko‘rilganligi, og‘zaki rejalashtirilgan obodonlashtirish dasturlari asosida tadbirkorlarga hujjatsiz qurilmalar qurish tavsiya qilingani va shu kabilar oqibatida sudga shoshmashosharlik bilan da’vo arizalar taqdim etilayotganligi bilan izohlanadi...
YANA KIM AYBDOR?
Xo‘sh bunda yana kim aybdor? Albatta ikkinchi tomon, ya’ni tavakkalliga bunday qurilmalarni qurib olayotgan aholi toifasi.
Tan olib aytish kerakki, ko‘pgina hollarda o‘zboshimchalik bilan imorat qurish, yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish yaxshigina bosh og‘riqqa aylangan.
Shundan bo‘lsa kerak, xalqimizda «pul topibsanu aql topmabsan» yoki «pulni topishni emas, sarflashni o‘rgan», «tadbirkor, bu – mablag‘ topishni bilgan emas, uni sarflashni bilgandir», ... kabi ibratli so‘zlar qo‘llanib kelingan.
Aytishingiz mumkindir, «o‘zboshimchalik bilan o‘sha qurilmani qurishdan oldin hokimiyatga murojaat qilganku, hokimiyat bilganku, lekin murojaatga o‘z vaqtida javob olmagandan keyin quradi-da, nima qilsin yoki bunda korrupsiya holatlari bor, kimdir tama’girlik qilib va’da berganki, qurgandir, bo‘lmasa, uning ham kallasi (aqli) bor, o‘z-o‘zidan qurmas», deb...
Bu endi alohida mavzu, ammo mazkur mavzuda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat – aqlsiz sarflangan mehnat va havoga sovurilayotgan mablag‘ hamda uning oqibatlari haqida biroz mushohada qilish o‘rinliroq.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish haqida da’volarning aksariyati qanoatlantiriladi.
Chunki bunday qurilmalar o‘z nomi bilan noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalardir.
Endi bunga sarf qilingan kuch-mehnat, vaqt, asab, havoga sovurilgan xarajat hamda mazkur imoratlarni buzib tashlashga qilinadigan xarajat - chiqimlarni tasavvur qilavering... Bir so‘z bilan aytganda, bu holatni qonunni mensimaslik, unga amal qilmaslik oqibati deyish mumkin yoki yuqori tavakkalchilik (risk) - o‘zboshimchalik bilan quriladigan imoratga hujjat rasmiylashtirib olishga bo‘lgan asossiz ishonch va ushbu asossiz ishonchni qonun ustuvorligidan muhim deb bilish ayrim toifa aholi ongiga singib qolganligi hamda yer uchastkasini egallab olishga bo‘lgan xohish-istakning o‘ta kuchliligi ham bor gap.
Korrupsiyaviy omillar, o‘zboshimchalik bilan imorat qurib olgan shaxsning ma’lum mas’ul yoki mansabdorning poraga olishiga, manfaat evaziga og‘dirishiga bo‘lgan ishonchi aholining ayrim qatlami ongiga singib qolgan.
HUQUQIY MADANIYAT...
Albatta, ovorai-sarson qonun ustuvorligi, sargardon va bechora huquqiy madaniyat.
Yer uchastkasi ajratishning lozim darajadagi eng maqbul, zamonaviy, yaxlit tizimi amalda mavjud emas.
Hatto, yer uchastkasini elektron savdolarda sotish tizimiga o‘tilayotganligi ham kutilgan samarani bermasligi, ya’ni mablag‘i bor va ESlarda tajriba to‘plagan shaxs, yoki shaxslar guruhinining bunday savdolarda g‘olib bo‘lish ehtimoli yuqoriligi, bunda iqtisodiy va moliyaviy jihatdan ehtiyojmand qatlam yoki imkoniyati cheklangan kichik tadbirkorning huquqlari e’tiborga olinmagan.
Yer uchastkasi yurtimizdagi eng qimmat tovarlardan biri – oldi-sotdi (noqonuniy bo‘lsa-da) ob’ektiga, shu oldi-sotdi jarayonlari esa, qora bozor, daromad manbai, noqonuniy (yashirin) biznes vositasiga aylanib ulgurgan (chala bo‘lsa-da imorat qurish va mulk huquqini olib sotish avj olganligi).
Yer uchastkasi borasida vakolatga ega bo‘lgan nazorat qiluvchi idoralarning nazorat instituti yetarli samara bermayotganligi, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar bilan bog‘liq ishlarning ko‘rishda protsessual qonunchilikka muvofiq, sudlarning da’vo predmeti bilan cheklanishi kabi bir qator omillardir.
Demak, bu borada qat’iy qonun normalarini samarali nazoratini ta’minlash, yer uchastkasini realizatsiya qilishda topshiriqlarga emas, faqat va faqat qonun ustuvorligiga amal qilish darkor.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda sudlar vakolatini kengaytirish, bunday nizolarni hal etishda sudlar roli va o‘rnini oshirish, «oxirgi so‘zni sud aytadi» degan tamoyilga amalda o‘tish, ayni nizolar bo‘yicha sud qarorlari ijrosini belgilangan muddatda va so‘zsiz ijro etish hamda sudlar o‘z o‘rnida bu kabi nizolarni ko‘rish jarayoni va yakuni bo‘yicha qat’iy xulosa qilishlari, aybdorlarga nisbatan tegishli choralarni qo‘rqmay qo‘llashlari muhimdir.
Yer uchastkasini realizatsiya qilishning ilg‘or, shaffof va adolatli hamda faqat va faqat qonunlar asosida ta’minlanadigan tizimini yaratish va amalda yo‘lga qo‘yish, bu boradagi barcha qonun osti hujjatlaridan voz kechish davr talabi sanaladi.
Davlatning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga nisbatan jamiyatda murosasiz munosabatni shakllantirish dolzarb muammoligicha qolib ketmoqda.
Ushbu masalani kim qanday tushunishi albatta uning ilmi, dunyoqarashi, tarbiyalangan muhiti, tajribasi va hokazolarga bog‘liqdir, lekin gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat – aqlsiz sarflangan vaqt, kuch-mehnat va havoga sovurilayotgan mablag‘ (investitsiya) ekanligini tan ola bilsak, bu faqatgina foydali bo‘ladi xolos.
Xulosa o‘rnida aytsak, noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni bartaraf etishning asosiy omili, bu - qonun ustuvorligini so‘zsiz ta’minlash, bir ma’romda rivojlanib keta olmayotgan huquqiy madaniyatni yuksaltirish zarur ekanligini anglab yetishimizdadir.
Nuriddin MURODOV,
Toshkent tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi