French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bebaho san’atning ibratli darg‘asi
11:18 / 2025-06-19

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston xalq artisti, milliy san’atimizning yorqin namoyandalaridan biri, betakror ovoz sohibi Ortiq Otajonov xotirasiga bag‘ishlab “Ustozga ehtirom” nomli konsert dasturi tashkil etildi.

“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida tashkil etilgan mazkur dastur san’at ixlosmandlari, ijodkorlar va yosh iste’dodlar uchun nafis musiqiy lahzalarni hadya etish bilan birga, ustoz hofizning milliy san’atimiz ravnaqi yo‘lidagi beqiyos xizmatlarini yod etish, uning boy ijodiy merosini e’zozlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.  

Ortiq Otajonov o‘zining noyob iste’dodi, betakror ovoz tembri, milliy kuy va ashula maktabiga sadoqatli yondashuvi bilan o‘zbek san’ati tarixida o‘chmas iz qoldirgan. U 1991 yil 8 noyabr kuni mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangan san’atkordir.  

Ustoz san’atkor repertuari asosini milliy ruhdagi, teran falsafiy g‘oyaga yo‘g‘rilgan  qo‘shiqlar tashkil etishi bilan ahamiyatlidir. Ortiq Otajonov uzoq yillar davomida “Lazgi” ansamblida badiiy rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatgan edi. 

Uning repertuaridan Xorazm mumtoz ashulalari  “Feruz I , II” savtlari bilan, “Chapandozi Suvora”, “Kajhang Suvora”, “Xorazm Dugohi”  va boshqa betakror musiqa namunalari o‘rin olgan. Shu bilan birga O.Otajonov  kuyini o‘zi bastalagan asarlar “Ona diyorim”, “Xorazm farzandiman”, “Orol dardi”, “Umr o‘tar, vaqt o‘tar” kabi qo‘shiqlar hozirgacha san’at muxlislari tomonidan sevib tinglanadi. Eng asosiysi, Ortiq Otajonov aksariyat ustoz san’atkorlar kabi o‘z faoliyatida, ijrosida soxtalikka, fonogrammaga, sayozlikka sira yo‘l qo‘ymagan.  

San’atkor shuningdek, afg‘on, turkman, ozarbayjon, rus, arab qo‘shiqlarini maromiga yetkazib ijro etgan.  Ortiq Otajonov Osiyo, Yevropa davlatlari, shuningdek, Avstraliya, AQSHda milliy san’atimizni targ‘ib etishga faol hissa qo‘shgan.  

Ustoz san’atkor xotirasiga bag‘ishlangan musiqiy kechada Ortiq Otajonovning o‘z musiqasi asosidagi mashhur qo‘shiqlari tinglovchilar e’tiboriga havola qilindi.  

Musiqa oqshomida O‘zbekiston xalq artisti, Tojikiston xalq hofizi Og‘abek Sobirov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artistlari G‘ofurjon va G‘ulomjon Eshchonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova, taniqli xonandalar Zokir va Ulug‘bek Otajonovlar, Odilbek Sobirov va boshqalar qatnashdi.  

Shuningdek, konsertda O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Xorazm viloyati hududiy bo‘limi ansambli hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Feruza Ozodova rahbarligidagi “Munojat” raqs ansambli ham ixlosmandlarga xush kayfiyat ulashdi.  

“Ustozga ehtirom” ma’rifiy loyihasi nainki  xotira kechasi, balki milliy musiqamiz timsoliga aylangan san’atkor merosiga o‘ziga xos  hurmat ramzi bo‘ldi. Darhaqiqat, O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonovning san’atdagi yo‘li betakror ibrat maktabidir.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri