Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bebaho ne’matni asrab-avaylab, undan unumli foydalanaylik
16:08 / 2017-04-26

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan agrar soha barqaror rivojlanishida yer resurslarini saqlash va ulardan samarali foydalanishning ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan agrar soha barqaror rivojlanishida yer resurslarini saqlash va ulardan samarali foydalanishning ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, "Ergeodezkadastr" davlat qo‘mitasi mutaxassislari, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti professsor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi T.Eshnazarov va boshqalar agrar sohaning barqaror rivojlanishida yer resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanishning ahamiyati xususida so‘z yuritib, yer resurslaridan oqilona foydalanishga oid munosabatlar Yer kodeksi, o‘nga yaqin qonun, yuzdan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinganini ta’kidladi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishida bu boradagi ishlarga alohida e’tibor qaratilgan. Paxta va boshoqli don maydonlarini qisqartirish, bo‘shagan yerlarga kartoshka, sabzavot, ozuqa va yog‘ olinadigan ekinlar ekish, yangi intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish hisobiga ekin maydonlarini yanada optimallashtirish kabi muhim chora-tadbirlar belgilangan.

Joriy yil 11-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilinib, ayrim hududlarda aholi tomorqa yerlaridan samarali foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Qonunchilikda yerlarni tabiiy resurs sifatida, ya’ni tabiiy ishlab chiqarish manbai nuqtai nazaridan muhofaza qilish nazarda tutilgan bo‘lib, tabiiy obyekt sifatida tuproqni, uning unumdorligini muhofaza qilishga qaratilgan normalar mavjud emasligi qayd etildi. Bugungi kunda tuproq unumdorligini saqlab qolish va oshirish masalasi tobora o‘tkir muammoga aylanib borayotgan ekan, tuproq unumdorligini oshirishning qonuniy asoslarini yanada chuqurroq tahlil qilish orqali qonun hujjatlarini takomillashtirish zarurati paydo bo‘lmoqda.

Davra suhbatida agrar sohaning barqaror rivojlanishida yer resurslarining ahamiyati, ularni muhofaza qilish, oqilona foydalanish va huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.