Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bebaho meros
19:06 / 2021-08-25

O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilgan ishlar hamda Istiqlolning 30 yilligiga bag‘ishlangan diniy-ma’rifiy nashrlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov mamlakatimizda milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash, ularning targ‘ibotini yanada kuchaytirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan vazifalar Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada yuqori, yangicha asosda yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda. 

Qayd etish joizki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani, madaniyati va islom dini rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganib, “Uchinchi Renessans — Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini keng targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga qaytarilgan XIII–XIX asrlarga oid qimmatbaho madaniy boyliklarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga rasman topshirdi.

Rossiya Federal bojxona xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasiga olib kirishda to‘xtatilgan qo‘lyozma kitoblar, arab, fors va turkiy tillardagi diniy matnlar to‘plami, shuningdek, fors hamda turkiy tillardagi she’rlar va kulolchilik buyumlari endilikda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi hamda kutubxonasidan o‘rin oladi.

Tadbirda bir qator qimmatli nashrlarning taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nashr qilgan “Sharq va G‘arb” katalogining birinchi jildi, “Buxoro — Islom olami madaniyati poytaxti” kitob-albomi, shayx Abdulaziz Mansurning «Koran. Kratkiy kommentariy» – Qur’oni karim oyatlari ma’nolarining rus tilidagi tarjimasi, oliy ta’lim muassasalari uchun o‘zbek va rus tillarida tayyorlangan "Dinshunoslik" va “Religiovedeniye” kitoblarining taqdimoti shular jumlasidandir.

Shu bilan birga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlarida nashr etilgan ko‘plab ma’rifiy kitoblar, yangi nashrlarning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari va tadbir qatnashchilarining diniy-ma’rifiy sohada olib borilgan ilmiy va noshirlik ishlari yuzasidan savollariga javob berildi.

Ushbu ma’rifiy loyiha davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ma’rifiy maskanlarning qisqa muddat davomida ajdodlar merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, asrab-avaylashda erishgan salmoqli ilmiy natijalari namoyishi bo‘ldi.

N.Usmonova, O‘zA