Milliy musiqa san’atimiz g‘oyat boy va betakror.
Uning ravnaq topishi, bor jozibasi va go‘zalligini namoyon etishida ustoz san’atkor Komiljon Otaniyozovdek darg‘a san’atkorlarimizning hissalari beqiyosdir.
Shu kunlarda ustoz san’atkor tavalludiga 105 yil to‘ldi. Manbalarga ko‘ra, Komiljon Otaniyozov 1917 yili 20 iyulda Xorazm viloyatining Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida tavallud topgan. San’atkor qo‘shiqsevar xalqimizga xonanda, sozanda, aktyor va bastakor sifatida tanilgandir. Musiqaga chin ko‘ngildan ixlosi, mehri va sadoqati uchun Komiljon Otaniyozov 1949 yili O‘zbekiston xalq artisti, 1964 yilda Turkmaniston, 1968 yilda esa Qoraqalpog‘iston xalq artisti unvoniga munosib topilgan.
Musiqashunoslar va umuman milliy qo‘shiqchilikka mehri baland har bir insonning fikricha, ustoz san’atkor nihoyatda jozibali va kuchli ovoz sohibi bo‘lib, har bir asar talqinida badiiy yetuklikka erishgan. Doston yo‘llarini Bola baxshi Abdullayevdan, Xorazm maqom ashula yo‘llarini Matpano Xudoyberganovdan o‘rgangan.
Biografik ma’lumotlarga ko‘ra, Komiljon Otaniyozov 1955 yili Toshkentdagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtini tugatgan. Keyinchalik esa Toshkent konservatoriyasida ta’lim olgan. Xorazm teatrlarida xonanda va aktyor sifatida ishlab, “Farhod va Shirin” spektaklida Farhod, “Tohir va Zuhra” spektaklida Tohir, Parfi hofiz, “Gulsara” spektaklida Qodir, «Davron Ota» sahna asarida Davron Ota kabi obrazlarni yaratgan.
San’atshunoslarning fikricha, Komiljon Otaniyozov 30-yillardan murakkab xalq ashulalarini, dostonlardan qo‘shiqlar ayta boshlagan. Xorazm suvora va maqomlari Komiljon Otaniyozov ijrochilik faoliyatining yuqori bosqichi bo‘ldi. Komiljon Otaniyozov Xorazm doston qo‘shiq(noma)lari asosida yangicha uslub yaratgan. Bastakor sifatida bu uslubda ijod qilgan «Salom, senga Xorazmdan», «Muborak», «Vatan», «Olqish», «Temir yo‘l», «O‘zbekiston», «Xorazm» kabi qo‘shiqlari o‘zining ommabopligi va xalqchilligi bilan ajralib turadi.
Komiljon Otaniyozov A.Stepanov bilan hamkorlikda «Aziz va Sanam», «Oshiq G‘arib», S.Hayitboyev bilan «So‘nggi xon» kabi musiqali dramalar ham yaratgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida hamda milliy san’atimiz rivojiga qaratilayotgan e’tibor natijasida 2017 yilda mamlakatimizda Komiljon Otaniyozov tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi. Musiqa anjumanlari, ijodiy tanlovlar o‘tkazildi. San’atkor ijodiy merosini o‘rganish yo‘lidagi sa’y-harakatlar tobora kuchaydi. bugungi kunda ham mamlakatimizda ustoz san’atkor ijodiga murojaat qilmagan o‘zbek xonanda va sozandasini topish mushkul.
O‘zbek musiqa san’at maktabi, jumladan, Xorazm musiqachilik maktabi, ayniqsa, Komiljon Otaniyozov ijodi musiqashunoslar, tadqiqotchi olimlar tomonidan o‘rganilmoqda. Uning qo‘shiqlari ko‘plab san’atkorlar tomonidan ijro etilmoqda. Yurtimizga kelgan nufuzli mehmonlar, asl san’at ixlosmandlarini bu san’at o‘ziga maftun etmoqda. Demakki, ustoz xonandaning o‘zi ham hanuz barhayotdir.
N.Usmonova, O‘zA