Uchtepa tumanida barpo etilgan “PIR NASHR” kitob maskanida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti hamda “PIR” nashriyoti hamkorligida tarixiy-ilmiy adabiyot ixlosmandlari uchun muhim madaniy voqea — taniqli amerikalik tarixchi professor Beatris Forbs Menz qalamiga mansub “TEMUR. Yuksalish va hukmronlik yoʻli” kitobining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda tarixchilar, olimlar, yosh tadqiqotchilar, Yoshlar parlamenti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Mazkur kitobda Sohibqiron Amir Temurning siyosiy maydonga chiqishi, markazlashgan davlat barpo etish yo‘lidagi murakkab jarayonlar, harbiy yurishlarining strategik asoslari hamda Temuriylar saltanatining keyingi taqdiri chuqur ilmiy tahlil asosida yoritilgan.
Muallif Chag‘atoy ulusida tarqoq qabilalar ustidan yagona boshqaruv tizimining shakllanishi, dasht va o‘troq aholi qatlamlari o‘rtasidagi muvozanatli siyosat, shuningdek, Temur vafotidan so‘ng yuz bergan siyosiy voqealar sabablarini manbalarga tayangan holda ochib beradi.
[gallery-27560]
Asarda Temur shaxsiga oid tarixiy baholar ham muhim o‘rin egallaydi. Jumladan, 1400–1401 yillarda Damashq qamalidan so‘ng Sohibqiron bilan uchrashgan mashhur mutafakkir Ibn Xaldun o‘z avtobiografik asarida uning o‘tkir tafakkuri, keng dunyoqarashi va bahs va munozarani xush ko‘rishini alohida qayd etgani eslatib o‘tiladi.
Bugungi kunda mazkur tadqiqot Amerika Qo‘shma Shtatlari, Angliya va Turkiya kabi mamlakatlarda Amir Temur davlati tarixini o‘rganishda muhim ilmiy manbalardan biri sifatida keng foydalanib kelinmoqda. O‘zbek tilidagi nashr esa yurtimiz kitobxonlari uchun ushbu fundamental asardan bahramand bo‘lish imkonini yaratadi.
Taqdimot davomida asarning ilmiy ahamiyati, Amir Temur davlatchiligi haqidagi zamonaviy qarashlar hamda tarjima jarayoni yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
M.Komilova, A.Alijonov (surat), O‘zA