Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“BCT Cluster” korxonasi eksport geografiyasini kengaytirmoqda
15:48 / 2023-12-22

Bangladesh Respublikasining “Beximco Group” kompaniyasi bosh direktori Sayid Naved Husayn boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatidagi “BCT Cluster” paxta-to‘qimachilik klasterida bo‘ldi.

Xorijlik mehmonlar dastlab klasterning Buxoro shahrida joylashgan “Bukhara Cotton Textile” to‘qimachilik majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur fabrikada mamlakatimizda birinchi milliy jinsi brendi–“B Jeans” yaratilgani klasterning navbatdagi yutug‘i bo‘lgan. Ushbu yorliq ostida chiqarilayotgan mahsulotlar ichki va tashqi bozorda tobora xaridorgir bo‘lib boryapti. Shu bois mamlakatimiz bo‘yicha 50 ta, xorijiy davlatlarda esa 100 ta savdo tarmog‘ini ishga tushirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Mehmonlar mazkur klaster korxonasida “B Jeans” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy andozadagi jinsi liboslari sifatiga yuqori baho berishdi. Qolaversa, uch yil burun Buxoro shahrida “BCT Cluster” va “TCT Cluster” klasterlariga qarashli “B Jeans” do‘koni ham faoliyat boshlagan. BCT korxonasi eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Ularni montaj qilish, ishlatishda xorijiy mutaxassislar bilan bir qatorda mahalliy yosh kadrlarning hissasi katta, albatta.

Shundan so‘ng tomonlar hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yuqori sifatli mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarga kirishdi.

“Beximco Group” kompaniyasi Bangladeshdagi yirik xususiy kompaniyalardan hisoblanadi. Ichki bozordan tashqari, xalqaro miqyosida shuhrat qozongan “H&M”, “Zara” kabi taniqli brendlar uchun erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklari yetkazib beradi.

Tanishuv va muzokaralar yakunida “Bukhara Cotton Textile” to‘qimachilik korxonasi hamda “Beximco Group” kompaniyasi o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

 

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri