Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralarning “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali soliq bazasini kengaytirish maqsadida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish strategiyasini ishlab chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi axborotlari eshitildi.
Qo‘mita eshituvida “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilab berilgan yashirin iqtisodiyotning ulushini qisqartirish orqali davlat byudjetining daromadlarini mustahkamlash va tadbirkorlik muhitini yaxshilash masalalariga e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan bo‘lib, bu yo‘nalishda qonunchilik asoslarini mustahkamlash, raqamlashtirish, biznes muhitini yaxshilash, raqobatni rivojlantirish hamda bu boradagi ishlar bo‘yicha fuqarolarni xabardor qilib borish dolzarb vazifa sifatida qaralmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy faoliyat yuritishi, soliq solish bazasining ortib borishi, tadbirkorlar uchun teng raqobat muhiti shakllanishiga xizmat qiladi.
Muhokamalarda deputatlar qishloq xo‘jaligi, savdo, sanoat, qurilish va xizmatlar sohalarida norasmiy operatsiyalar ulushi hanuzgacha yuqori bo‘lib qolayotganini tanqid ostiga oldilar. Mazkur yo‘nalishda ishlarni to‘g‘ri tashkil qilishda qonunchilikka qat’iy amal qilish, ichki nazorat tizimlarini joriy etishda xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va xorijiy tajriba keng qo‘llanilishi lozimligi ta’kidlandi.

Xalq vakillari yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan ayrim sohalardagi kamchiliklarga e’tibor qaratishdi. Xususan, davlat xaridlarini raqamlashtirish, tender va auksion savdolarida shaffoflikni oshirish, tadbirkorlarga soliq yukini kamaytirish hamda soliq ma’murchiligini takomillashtirish orqali mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga yo‘naltirilgan tizimli choralarni ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida yashirin iqtisodiyotga barham berishda mutasaddi vazirlik va idoralar oldida turgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
N.Nasriyev,
O‘zA