Yo‘llar sifati har qanday mamlakatda muhim masala bo‘lib, nafaqat transport vositalari harakati uchun, balki iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlik va aholi turmush darajasi uchun ham katta ahamiyatga ega.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva umumfoydalanuv avtomobil yo‘llarida ta’mirlash va qurish ishlari olib borilayotgani munosabati bilan vaqtinchalik qatnov qismi yopilgan va harakat yo‘nalishi o‘zgartirilgan ob’ektlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mutaxassisga ko‘ra, butun respublika bo‘ylab umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Shu munosabat bilan ayrim hududlarda transport vositalarining harakati vaqtinchalik cheklanib yoki bir tomonlama harakat amalga oshirilmoqda.
Xususan, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joylashgan 4K253a "Islom Karimov ko‘chasi avtomobil yo‘lidan M39 "Toshkent-Termiz" avtomagistral yo‘liga" chiqish uchun yangi yo‘nalishdagi 4 km avtomobil yo‘li va temir yo‘l ustidan o‘tuvchi 700 pm.li yo‘l o‘tkazgich qurilayotgani bois, Jizzax shahri va “Yangi O‘zbekiston” massivini bog‘lovchi yangi tunnel qurish ishlari olib borilmoqda. Mazkur ob’ektda avtotransport vositalarining harakat xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘l ishlarini sifatli va qisqa muddatlarda bajarish maqsadida M39 avtomobil yo‘lining 991—992 km oralig‘ida joriy yilning mart oyidan avgust oyiga qadar transport vositalarining harakati bir tomonlama vaqtinchalik cheklanadi.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan 4R120 "Iskovot q.-Kosonsoy sh.-To‘raqo‘rg‘on sh.-Jomashuy q.-Soybo‘yi q.-A373 avtomobil yo‘ligacha" avtomobil yo‘lining 55—62 km qismida ham qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Ob’ektda shag‘allashtirish va asfalt-beton yo‘l qurilishi munosabati bilan noyabr oyiga qadar avtomobil yo‘li bosqichma-bosqich yopilib, qurilish ishlari bajariladi.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan 4R103 "Sherobod sh.-Surxon temir yo‘l stansiyasi" avtomobil yo‘lida joylashgan ko‘prikni rekonstruksiya qilish ob’ektida ko‘prikning qiyaliklarini betonlash va tekislash ishlari, himoya qatlamida beton yotqizish ishlari bajarilmoqda. Shu bois avtomobil yo‘lining qatnov qismi joriy yilning oktyabr oyiga qadar bosqichma-bosqich yopilib, qurilish-montaj ishlari olib boriladi. Angor tumanida joylashgan 4R23z "M39 avtoyo‘lidan - Angor shahriga (1426 km) kirish" avtomobil yo‘lining 0—5 km qismini mukammal ta’mirlash maqsadida ob’ektda qum-shag‘al aralashmasidan asos qurish ishlari, asfalt-betonli qoplama qurish, piyodalar yo‘lakchasini qurish, yoritish chiroqlarini o‘rnatish ishlari bajarilmoqda. Shu munosabat bilan noyabr oyiga qadar ko‘prikning qatnov qismi bosqichma-bosqich yopilib, qurilish ishlari amalga oshiriladi.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 4R112 "Farg‘ona halqa yo‘li" avtomobil yo‘lining 252—259 km qismini mukammal ta’mirlash ob’ektida tuproq ishlari, suv qochirish tizimlari va asfalt-beton yotqizish ishlari amalga oshirilayotgani sababli joriy yilning sentyabr oyiga qadar qatnov qismi bosqichma-bosqich yopilib, qurilish ishlari amalga oshiriladi.
Xorazm viloyati Tuproqqala tumanidagi A380 "G‘uzor-Buxoro- Nukus-Beyneu”avtomobil yo‘lining 492,7 km qismidagi ko‘prikni rekonstruksiya qilish ob’ektida hozirgi kunda qoziqlarni mustahkamlash ishlari, ko‘prik osti qiyaliklarni betonlash, tekislash, himoya qatlamini betonlash, qatnov qismining bir tomon qismiga asfalt-beton yotqizish ishlari tugatilgan bo‘lib, qatnov qismining ikkinchi tomonida asfalt-beton qoplamani yotqizish uchun tayyor holga keltirilgan. Ushbu qurilish-montaj ishlarini yakuniga yetkazish maqsadida ko‘prikning bir tomonlama qatnov qismi iyul oyiga qadar bosqichma-bosqich yopilib, qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Toshkent viloyati xududidagi Qamchiq dovonida joylashgan A373 "Toshkent - Andijon" avtomobil yo‘lining 106—108 km qismida yo‘lning asos qurish ishlari, ya’ni shag‘allashtirish va sement-beton yotqizish ishlari olib borilayotgani sababli mazkur ob’ektda oktyabr oyiga qadar avtotransport vositalarining Andijon-Toshkent yo‘nalishi bir tomonlama qatnovi vaqtincha cheklangan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA