Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayrutga hujumda yana 22 kishi halok bo‘ldi
11:40 / 2024-10-11

Eron o‘ziga beriladigan javob zarbasini kutayotgan bir paytda Isroil Livanni bombardimon qilishda davom etmoqda. Qurbonlar bilan esa hech kimning ishi yo‘q.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, bugun tunda poytaxtga uyushtirilgan hujum natijasida kamida 22 inson halok bo‘ldi, 117 kishi yaralandi.

Jangarilar guruhidagi manbaga ko‘ra, Hizbullohning yuqori martabali amaldori Vofiq Safo omon qolgan. Harakat vakili va Isroil matbuotidagi xabarda u asosiy nishon bo‘lgani aytilgan.

Safo guruhning aloqa bo‘limiga rahbarlik qiluvchi siyosiy amaldor bo‘lib, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ichki va xalqaro ishlarni boshqarish bilan shug‘ullanadi.

BMT tinchlikparvar kuchlarining Livandagi ikki vakili Isroil tanklari otishmasidan jarohat olgan. Bu haqda tuzilmadan ma’lum qilishdi.

Kecha Xavfsizlik Kengashi brifingida Bosh kotibning tinchlik amaliyoti bo‘yicha o‘rinbosari Lokruh Livan janubida BMT “tinchlikparvarlarini jiddiy xavf ostiga qo‘yuvchi “jiddiy xavotirli” vaziyat” yuzaga kelganini ta’kidlagan.

Isroil harbiylari esa Hizbullohni Livan janubidagi BMT tinchlikparvar kuchlari manzillariga yaqin joylashishda ayblamoqda.

BMT matbuot kotibi o‘rinbosari Farhon Haq Indoneziyadan kelgan ikki tinchlikparvar hamon kasalxonada ekani, ularning jarohati jiddiy emasligini bildirgan.

Oxirgi hodisa bir necha davlat, jumladan BMTning Livandagi tinchlikparvar missiyasi tarkibida harbiylari bo‘lgan Fransiya va Irlandiya tomonidan qoralandi.

Xususan, Fransiya hujumdan so‘ng “chuqur tashvish”ini izhor qilib, “Isroil rasmiylaridan izoh kutayotgani” qo‘shimcha qildi.

Rim rasmiylari mamlakatdagi Isroil elchisini chaqirib, Italiya bazalariga zarba berilgani va bu harakat “qabul qilib bo‘lmaydigan holat” ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari Qizil Yarim oy jamiyati G‘azo markazidagi maktabga berilgan zarba oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Isroil harbiylari esa bino ichida faoliyat yuritayotgan terrorchilar nishonga olganini aytgan.

Darvoqe, Isroil xavfsizlik mahkamasi Eronning ballistik raketa hujumiga javob berish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Avvalroq yahudiy davlati mudofaa vaziri Yoav Gallant javob zarbasi “kuchli, aniq va eng muhimi – hayratlanarli” bo‘lishini iddao qilgandi.

Prezident Jo Bayden isroillik hamkasbi Binyamin Netanyaxu bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 30 daqiqalik telefon suhbati o‘tkazdi, biroq Oq uy Eronga rejalashtirilgan javob haqida hali hech qanday ma’lumot bermadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA