Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayroqdan jilo olgan kurash libosi
15:22 / 2023-11-19

Vatan dovrug‘ini dunyoga tarannum etish har tomonlama salohiyatli sportchilarning oliy maqsadi. Bugun bunday sharafga erishgan, jahon maydonlarida jonajon yurtimiz shuhratiga shuhrat qo‘shgan, O‘zbekistonning betimsol bayrog‘ini dunyo uzra sarbaland etgan sportchilarimiz juda ko‘p va ular safi yildan yilga kengayib bormoqda.

O‘tayotgan 2023 yilning murakkabliklariga qaramasdan mamlakatimiz sportchilari yuzlab xalqaro musobaqalarda, o‘nlab jahon va qit’a chempionatlarida ishtirok etib, O‘zbekiston bayrog‘ini dunyo sport maydonlarida yuksaltirdi.

Haqiqatan, sportchilarimizning g‘alabasi sharafiga ko‘tariladigan O‘zbekiston bayrog‘i g‘ururmiz timsolidir. Bugun bu iftixor milliy sportimiz kurashning libosi sifatida dunyo kurashchilarini birlashtirib turibdi.

Bugun dunyoning qaysi bir hududida mamlakat yoki qit’a chempionati va yoki Osiyo o‘yinlari bo‘ladimi, qo‘yinki, har qanday kurash musobaqasida sportchilar kurash yaktagida, ya’ni bayrog‘imizdan jilo olgan sport liboslarida bellashishadi, maydon aylanadi.

Olis Dominikandan tortib, Hindiston, Fransiya yoki Afrika davlatlarida o‘tkazilayotgan kurash musobaqalari aynan O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan yaktaklarida o‘tkazilayotganini hamda bugun dunyoning 130 dan oshiq davlatlarida kurash federatsiyalari faoliyat yuritayotganini e’tiborga olsak, ular uchun ham O‘zbekiston bayrog‘i qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Kurashning dunyo sportiga aylanganligi, jahonning 15 milliondan oshiq yoshlari bugun milliy sportimiz kurash bilan shug‘ullanayotganligi betimsol hur bayrog‘imizning qadri va qudrati ikki yuzdan ortiq davlatlarning ramzlari orasida nechog‘li yuksakligidan dalolatdir.

Ishonamizki, sportchilarimizning g‘alabalari sharafiga hilpirayotgan O‘zbekiston bayrog‘i kelajakda kurash Olimpiya o‘yinlaridan joy olganda dunyo yoshlarining egnida bundanda yorqinroq jilolansa, ne tong.  

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA