18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
Yurtimiz bo‘ylab “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” shiori ostida Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq shahridan boshlangan bayroq estafetachilari Xorazmdan o‘tib, ko‘hna va boqiy Buxoroga yetib keldi.
Romitan tumani vakillari estafeta bayrog‘ini qabul qilib oldi. Romitanlik estafetachilar bugun davlat bayrog‘ini avtokarvon orqali Buxoro shahridagi “Ark” qo‘rg‘oniga olib keldi. Viloyat vakillari estafeta bayrog‘ini qabul qilib oldi.
Shundan so‘ng “Ark” qo‘rg‘onidan boshlab “Minorai Kalon”, “Nodir devonbegi” va “Labi-hovuz” ansambligacha bo‘lgan masofada Milliy gvardiya otliqlari, ziyolilar, yoshlar jamoasi va barcha tadbir ishtirokchilari hamrohligida yuksak g‘urur bilan olib o‘tildi.
[gallery-26208]
Labi-hovuz ansamblidan davlat bayrog‘i o‘rnatilgan avtokarvon “Universal” sport saroyi, “Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasi, Buxoro davlat tibbiyot instituti oldidan o‘tib, estafeta bayrog‘i Vobkent tumaniga yuborildi.
– Muqaddas tug‘imiz eng oliy sahnalar, eng yuqori marralarda, jahon arenalarida, nufuzli sport musobaqalarida baland ko‘tarilib, Yangi O‘zbekistonning chinakam bo‘y-bastini namoyon etayotgani barchaga g‘urur bag‘ishlaydi. Vobkentda nuroniylar, taniqli sportchilar, jamoatchilik orasida e’tiborga ega bo‘lgan ziyolilar tomonidan Davlat bayrog‘i mamlakatning mustaqilligi va milliy o‘zligini anglatuvchi muqaddas ramzi, xalqning tarixiy an’analari ifodasi ekanligi to‘g‘risida tushuntirish beriladi, – deydi Buxoro davlat pedagogika instituti rektori, professor Bahodir Ma’murov. – Davlat bayrog‘i avtokarvon orqali G‘ijduvon tumanidagi Xo‘ja Abduholiq G‘ijduvoniy ziyoratgohiga olib boriladi. G‘ijduvonliklar ziyoratgohdan G‘ijduvon tuman hokimligi orqali tuman madaniyat uyi binosigacha estafeta ishtirokchilari hamrohligida harbiy orkestr sadolari ostida tantanali yurib, olib o‘tib, “Eshonko‘prik” chegara posti orqali, Navoiy viloyati vakillariga topshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar viloyat bo‘ylab o‘tkazilmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat, video), O‘zA muxbirlari.