Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayrog‘imiz – mustaqilligimiz ramzi
17:30 / 2023-11-17

Har bir davlatning mustaqilligi va suverenitetini ifodalovchi ramzlari bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i davlatimiz mustaqilligi va suverenitetining belgisi va ramzi hisoblanib, xalqaro munosabatlarda mamlakatimizni bevosita ifodalaydi.

Asosiy qonunimiz hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasida O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.

1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonun 13 moddadan iborat.

“O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonunning 
2-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i – bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 
2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz bayrog‘i o‘zining tarixiy ildizlariga ega. Buyuk bobomiz Amir Temur davlatining bayrog‘i ham zangori rangda bo‘lgani bizga tarixiy manbalardan ma’lum. 

“O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i:

1) doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlarining, Oliy Majlisi palatalarining, Vazirlar Mahkamasining, respublika davlat boshqaruvi organlarining, Davlat xavfsizlik xizmatining, Markaziy bankining, Hisob palatasining, Markaziy saylov komissiyasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, sudlarning, prokuratura organlarining binolarida;

2) doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, Vazirlar Mahkamasining, Konstitutsiyaviy sudning, Oliy sudning, respublika davlat boshqaruvi organlarining, Bosh prokuraturaning, Davlat xavfsizlik xizmatining, Markaziy bankining, Hisob palatasining, Markaziy saylov komissiyasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining majlislar zallarida; 

3) doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining, Oliy Majlisi Senati Raisining, Bosh vazirning, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud raislarining, respublika davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining, Bosh prokurorning, Davlat xavfsizlik xizmati raisining, Markaziy bank boshqaruvi raisining, Hisob palatasi raisining, Markaziy saylov komissiyasi raisining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislarining, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari boshliqlarining xizmat xonalarida;

4) O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilangan bayram kunlarida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari bilan belgilangan markaziy ko‘chalarda, maydonlarda, boshqa jamoat joylarida va ob’ektlarda;

5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari, xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari saylovi yoki referendum kunlarida – ovoz berish o‘tkazilayotgan binolar va xonalarda;

6) O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarida yoki hududlarida va transport vositalarida – xalqaro huquq normalariga, diplomatik protokol qoidalariga hamda vakolatxonalar va muassasalar joylashgan davlatning qonun hujjatlariga muvofiq;

7) xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarining, boshqa rasmiy delegatsiyalarning xalqaro huquq normalariga, diplomatik protokol qoidalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishining tasdiqlangan dasturiga muvofiq transport vositalarida, vokzallarda, aeroportlarda, yurish yo‘nalishi bo‘yicha va boshqa tashrif ob’ektlarida;

8) rasmiy shaxslar sifatida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, O‘zbekiston Respublikasining boshqa rasmiy delegatsiyalari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari boshliqlari tushgan chet eldagi dengiz va daryo kemalarida, boshqa transport vositalarida;

9) O‘zbekiston Respublikasi kemalar qatnovi inspeksiyasining kemalar reyestrida ro‘yxatga olingan dengiz va daryo kemalarida;

10) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy birlashmalarida, qo‘shilmalarida va qismlarida, shuningdek boshqa harbiy tuzilmalarida – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umum harbiy ustavlariga muvofiq;

11) doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tish punktlarida;

12) sport maydonlarida – O‘zbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining O‘zbekiston Respublikasi sport terma komandalarining vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida ko‘tariladi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i unga nisbatan lozim darajadagi hurmat ta’minlangan holda umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ko‘tarilishi mumkin.

Yuqoridagi qonunning 5-2-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i va uning tasviri katta-kichikligidan qat’iy nazar, hamma vaqt ushbu Qonunga ilova qilinayotgan rangli va sxematik tasviriga aniq mos bo‘lishi kerak.

Qonunning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini hurmat qilishlari shartligi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilangan.

Aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 203-1-moddasida O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 215-moddasida O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish jinoyati bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi ko‘rsatilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i mamlakatimiz mustaqilligining ramzi va timsoli hisoblanadi va biz u bilan faxrlanishimiz lozim.

Asqar Mamaraimov

Toshkent shahar 

sudining sudyasi