Yurt ravnaqi, davlat mustaqilligi va tinchligi timsoli bo‘lgan bayroq har bir fuqaro, ayniqsa, yosh avlod qalbida iftixor va mas’uliyat tuyg‘usini uyg‘otadi. Shu ma’noda mamlakatimizda milliy ramzlarimizni ardoqlash, yoshlar ongida Vatanga muhabbatni mustahkamlash maqsadida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Andijon viloyati Buloqboshi tumanida joylashgan harbiy qism hamda Shirmonbuloq qishlog‘idagi 55-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchilari ishtirokida “Bayrog‘im – g‘ururim” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda milliy bayroqni ardoqlash, uning yuzaga kelish tarixi, davlat ramzlariga bo‘lgan hurmatning ahamiyati haqida fikr yuritildi. Harbiylar va o‘quvchilar o‘rtasida ochiq muloqot shaklida kechgan suhbat yoshlarning qizg‘in ishtirokida davom etdi.
[gallery-26343]
– Bu tadbir yoshlarda davlatimiz ramzlariga nisbatan hurmat va muhabbatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi, – deydi katta leytenant Boburjon Oltiboyev. – Rasm tanlovida harbiylar va o‘quvchilarning bir safda ishtirok etgani ularda hamjihatlik hamda Vatanga sadoqat tuyg‘usini kuchaytirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida bayroq mavzusida rasm chizish bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazildi. Unda harbiy xizmatchilar va o‘quvchilar o‘zining ijodiy mahoratlarini namoyish qildi.
Mazkur tanlovda Qashqadaryo viloyatidan kelib, muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelayotgan Nurbek Razzoqov eng sara ijodi bilan ajralib turdi va ishtirokchilar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari