Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayrog‘imiz g‘ururimiz – qaddimiz, qadrimizdek balandda bo‘lsin
11:52 / 2021-11-10

Dushman Chingizxon to‘dalari Xorazmga yaqinlashganda, Muhammad Xorazmshoh qochib ketgan, lashkar parokanda edi. Shayx muridlarini jamlab, ularga qarab bunday deydi: “ Mashriqdan kelgan bu balo Mashriqu Mag‘ribni yakson etadi, yondirib kul qiladi. Sizlar har biringiz o‘z yurtingizga boring, o‘z joningizni asrash payida bo‘ling».

As’hob shayxga iltimos qilib dedilar: «Ot-ulovlar tayyor, agar shayx biz bilan hamroh ketishni ixtiyor etsalar, yaxshi bo‘lardi».

Bunga javoban Shayx Najmiddin Kubro deydi: «Men bu yerda shahid bo‘laman, menga Xorazmni tark etishga ruxsat yo‘q».

Mo‘g‘ul askarlari Gurganjga kirganda, shayx qolgan-qutgan muridlari bilan jangga shaylanadi. U xirqasining ustidan belbog‘ bog‘lab, qo‘yinlarini tosh bilan to‘ldiradi, qo‘liga nayza olib, dushman qarshisiga chiqadi. Dushmanga qarab tosh ota boshlaydi, bir nechtasini nayza bilan urib yiqitadi. Ammo yovlar uning ustiga kamon o‘qi yog‘diradilar. Bir o‘q kelib ko‘kragiga tegadi. Alisher Navoiyning yozishicha, Najmiddin Kubro bir hamlada dushman bayrog‘ini tortib olgan. Yetmish besh yashar mo‘ysafid – qalblarni nurlantirgan shayxi kabir holdan toyib, kuchi ketayotganini sezsa ham, jangni to‘xtatmaydi, dushman bayrog‘ini g‘azab bilan mahkam tutamlab oldida, shu holatda jon berdi.

Deydilarkim, vafotidan keyin o‘nta odam uning mahkam qisilgan panjalari orasidan bayroqni zo‘rg‘a ajratib olgan. Shu tariqa Najmiddin Kubro 1221 yilda Chingizxon to‘dalariga qarshi jangda shahid bo‘ldi.  Ulug‘ shayx va donishmand insonning bu qahramonligi, jasorati dushmanni ham hayratga solgan. Bu ish avlodlarga ibrat bo‘ldi, xalq orasida afsonaga aylanib ketdi.

Bu afsona asrlarni qaritgan esada, millatning ori-sha’ni haqida gap ketganida ko‘ngillarimizni yangiday g‘ururga to‘ldirib boraveradi. Davlat ramzlari, xususan, bayroq mamlakatning bir vaqtning o‘zida dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini ham belgilab turadi. O‘zbek davlatchiligining buyuk asoschisi sohibqiron Amir Temur o‘z davrida jangchilarga jangovar ruh bag‘ishlash, ularning kayfiyatini ko‘tarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra baland hilpirab turgan. Bu bayroq eng ishonchli bahodirlar tomonidan qo‘riqlanib, bexos daydi o‘q kelib tug‘ ko‘targan jangchiga tegsada, u tuproqqa qorishmay — darhol shahid sarboz o‘rnini boshqasi egallagan, maqsad janggohdagilarga bayroq ko‘rinmay qolmasin.

Shuningdek, ayni o‘sha zamonlarda bayroqni past tutish yoki sarbozning qo‘lidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bunga sohibqiron alohida e’tibor bergan. Bayroqning pasaytirilishi mag‘lubiyat va ortga chekinish ishorasi bo‘lgan. Shuningdek, «Temur tuzuklari»da ta’kidlanishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik ko‘rsatib, g‘alaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari — tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu sohibqiron davlatida saltanat ramzlari nechog‘lik baland maqom tutgani va ular qanday katta ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi...ramzlarda davlatning o‘ziga xos an’anasi, o‘sha xalqning xohish irodasi ifodalangan. Masalan, Turkiy xalqlarning ramziy belgilari Xitoy, Rim, Vizantiya, Tibet, arab, hind, fors, turkiy yozma manbalarda yoritilgan, shuningdek, bu ramziy belgilar xalq og‘zaki adabiyotida, udumlarda, etnografik xususiyatlarda o‘z aksini topgan. Xun imperiyasi davrida sariq rang boshqa ranglarga nisbatan ajratib olingan, ijtimoiy hayot ma’nosida sariq rang davlat ramzi sifatida xunlar bayrog‘ida aks etgan. Shuningdek, bayroq o‘rtasida timsoh (nak)ga o‘xshash hayvon tasviri ifodalangan, bayroq bo‘yi esa eniga nisbatan uzun bo‘lgan.

Turkiston o‘lkalarida islom dini qabul qilingandan so‘ng tashkil topgan turkiy davlatlar o‘zlarining milliy davlat bayroqlaridan tashqari payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning yarim oy va yulduz tamg‘ali yashil tug‘ini ham ko‘targanlar.

Bir yoqadan bosh chiqarib, bir tug‘- bir bayroq ostida ...bu chaqiriq insonlarni birlashishga, hamjihatlikka qaysidir ma’noda «meniki» deyishga undaydi. Unda nimaning ramzi ifodalanishi, qaysi rangda tovlanishi emas, maqsadning yagonaligi ahamiyatlidir. Kubrodek tandan jonni ayirganda ham Vatanni bermaslik, Temurdek mag‘rurlik, hamisha qaddini tik, qadrini baland tutish muhimroq, nazarimizda.

 Shohista YUNUSALIEVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat

markazi yetakchi mutaxassisi