18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
Ona zaminimizda ellar, millatlar ko‘p. Har kim o‘z ona Vatani bilan faxrlanishi, g‘ururlanishi lozim. Biz davlatimiz ramzlari – o‘z tilimiz, bayrog‘imiz, gerbimiz va madhiyamizga egamiz. Vatanimiz timsollari bizning g‘ururimiz.
Bugungi kunda mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi tobora oshib bormoqda. Ayniqsa, madaniyat, sport va ilm-fan sohalarida katta g‘alabalarga erishib, O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i jahon uzra hilpirab turishi bizga g‘urur bag‘ishlaydi. So‘nggi yillarda fuqarolarning o‘z vatanparvarlik tuyg‘ularini ifoda etish hamda Vatanimiz erishayotgan yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat ramzlaridan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘idan keng foydalanishga bo‘lgan talab oshib borayotganligi yaqqol ko‘rinmoqda.
Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 7 iyulda “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun imzolandi. Mazkur qonun bilan endilikda bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek, ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida, sport musobaqalarida, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblarining, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanilishga ruxsat berildi.
Shuningdek, hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo‘lish hollari ham belgilab qo‘yildi. Endilikda bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi o‘chgan holda va boshqa noma’qul tarzda, biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich, kiyim, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, shuningdek, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish, bayroqni stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki uning tasvirini tushirish va undan qoplama sifatida foydalanish mumkin emas.
Shu bilan birga, uni oyoq ostiga to‘shash yoki uning tasvirini tushirish taqiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud bayroqni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor.
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsolidir. Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmatda bo‘lish, ularni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimiz bo‘lmog‘i lozim.
A.Dadajonov,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA