Bayramoldi xaridlari qizg‘in
Bayram arafasida poytaxtimizning barcha dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo yarmarkalari o‘tkazilmoqda.
Bayram arafasida poytaxtimizning barcha dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo yarmarkalari o‘tkazilmoqda.Bayram dasturxonini oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir.
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi ellikdan ziyod hududiy ulgurji bazasida 2015-2016-yillar qish-bahor mavsumi uchun 70 ming tonnadan ziyod qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasi jamlandi, – deydi uyushma raisi o‘rinbosari Ne’matjon Ahmadjonov. – Zaxira mahsulotlardan 10 ming tonnasi bayram kunlarida poytaxtimiz aholisiga yetkazib beriladi.
Poytaxtimizda “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasiga biriktirilgan “Navro‘z”, “Aviasozlar” dehqon bozorlarida yangi pavilyonlar o‘rnatildi. Ular bayramona bezatilib, 20-dekabrdan boshlab Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari aholisi uchun meva-sabzavotlar, konservalar, guruch, yormalar, shakar, qandolat, go‘sht, parranda, baliq, yog‘, sariyog‘, margarin, tuxum va boshqa mahsulotlarning arzonlashtirilgan yarmarka savdolari tashkil etildi. Bunday ishlar Toshkent shahrining boshqa dehqon bozorlarida ham amalga oshirildi.
– Bayramoldi yarmarkalari barchaga manzur bo‘lmoqda, – deydi olmazorlik Baxtiyor Abdullayev. – Mahsulotlarning veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari xodimlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilgani e’tiborga loyiq. Bozorlarimizdagi narx-navo barqaror saqlanib turgani tinch, osoyishta yurtimizda xalqimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganidan dalolatdir.
Keng assortimentdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlangan shoxobchalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi yirik shahar va tuman markazlaridagi bayramoldi savdo yarmarkalari, dehqon bozorlarida ham tashkil etilgan.