Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayramoldi savdo yarmarkalari boshlandi
17:59 / 2014-12-24

Qish fasli bo‘lishiga qaramasdan shu kunlarda bozorlarni oralagan kishi turfa noz-ne’matlarni ko‘rib, ona yer saxovati, dehqon himmatiga tahsin aytadi. Bozorlar yurt ko‘rki, ro‘zg‘orimiz butligi ko‘zgusidir.


Qish fasli bo‘lishiga qaramasdan shu kunlarda bozorlarni oralagan kishi turfa noz-ne’matlarni ko‘rib, ona yer saxovati, dehqon himmatiga tahsin aytadi. Bozorlar yurt ko‘rki, ro‘zg‘orimiz butligi ko‘zgusidir. 

Yangi yil bayramiga ham sanoqli kunlar qoldi. Bayramlar arafasida yurtimizning tadbirkoru fermerlari shahar aholisi uchun o‘ziga xos sovg‘a hozirlashi an’anaga aylangan. 

“Toshbozorsavdo” uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda ham poytaxtimizdagi dehqon bozorlarida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bayramoldi savdo yarmarkalarida “O‘zulgurjisavdoinvest” va Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan aholiga mahsulotlarni maqbul narxlarda yetkazib berish, bank plastik kartochkalari orqali savdo qilish ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

– Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi poytaxt aholisiga manzur bo‘lmoqda, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navro‘z dehqon bozori” bosh mutaxassisi Qodir Do‘stmuhamedov. – Yarmarkada Toshkent va Sirdaryo viloyatlari fermerlari dehqonchilik va bog‘dorchilik, Xorazm viloyati fermerlari go‘sht mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Shuningdek, ishlab chiqaruvchi korxonalar bayram dasturxoni uchun tayyor mahsulotlarni taqdim etmoqda.

– Fermerlarga berilgan imtiyozlar bois, xo‘jaligimizning daromadi ko‘paymoqda, – deydi Sardoba tumanidagi “Quva cho‘lquvari” fermer xo‘jaligi rahbari Azamat Samatov. – Bu yil olti gektar bog‘dan unumli foydalanish maqsadida poliz va sabzavot mahsulotlari ham parvarishladik. Har gektardan 250 sentnerdan poliz, 300 sentnerdan sabzavot mahsulotlari yetishtirdik. Mahsulotimizning bir qismini poytaxt aholisi uchun olib keldik. 

– Istiqlol yillarida bozorlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgardi,– deydi xaridor Zokir ota Toirov. – Qishda ham sarxil mahsulotlar serobligi yurtimizdagi to‘kinlik, bayram arafasida aholiga yaratilayotgan qulayliklardan dalolatdir. Biz ham nabiram bilan bayram dasturxoniga kerakli mahsulotlar xarid qilish uchun keldik. 

Poytaxtimizning boshqa bozorlarida bo‘lgani kabi “Navro‘z dehqon bozori”da ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan bir qatorda yurtimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar serob.

– Korxonamizda 15 xil meva sharbati ishlab chiqariladi, – deydi “Master Global Plus” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Odiljon Sobirjonov. – Yarmarka boshlanganidan buyon aholiga 40 ming dona qadoqlangan meva sharbati yetkazib berdik. Yana 100 ming dona sharbat sotishni rejalashtirganmiz. 

Bozor hududida jamoat tartibini saqlash, yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi yumushlarni yanada jonlantirish uchun jamoatchilik nazorati tashkil etilgan. Sotuvchi va xaridorlar uchun qulaylik yaratish maqsadida bozor majmui yonida shahar transporti bekati, avtomobillar to‘xtash joyi va bozor infratuzilmasi obyektlari barpo etilgan.

– Yurtimizdagi o‘zgarish va yangilanishlar samarasi bozorlarimizda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda, – deydi xaridor Feruza Sultonova. – Bularning barchasi mamlakatimizdagi to‘kinlik, xalqimiz turmush farovonligi yanada ziyoda bo‘lishi yo‘lidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar mevasidir. 

Ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi yirik shahar va tuman markazlarida ham keng turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bayramoldi savdo yarmarkalari tashkil etilgan. 

Mazkur savdo yarmarkalari 2015-yil 5-yanvargacha davom etadi.