Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayramga munosib tuhfa
13:03 / 2025-10-20

21 oktyabr  –  O‘zbek tili bayrami kuni

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, albatta, shu zaminda yashayotgan har bir inson taqdiriga bevosita daxldor desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Buni ona tilimizga bo‘lgan yuksak ehtirom, qolaversa, o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborning hukumatimiz kun tartibiga qo‘yilgan bosh masalalaridan biri ekanligida ham ko‘rishimiz mumkin. 

Buxoro davlat universitetining Ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni  rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi N.G‘aybullayeva va O‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi professori M.Abuzalova hamda doktorantlar D.R.Sobirova, G.Z.Bozorova yaratilgan darsliklar va monografiyani universitetning axborot-resurs markaziga taqdim etdi.

Darsliklardan biri oliy ta’limning Lingvistika (o‘zbek tili) mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan magistrantlarga mo‘ljallangan “Psixolingvistika” darsligi bo‘lib, mazkur darslik psixologiya va lingvistika kesishmasida yuzaga kelgan psixolingvistika fani yuzasidan nazariy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Qolaversa, mazkur darslik respublika miqyosida psixolingvistika fani yuzasidan o‘zbek tilidagi darsliklarga talabning yuqori ekanligi bilan ahamiyatlidir.

Ikkinchi darslik “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” deb nomlanadi. Mazkur darslikda nazariy ma’lumotlar va amaliy topshiriqlar ta’lim yo‘nalishi mohiyatidan kelib chiqqan holda berilgan (“xorijiy tildagi matnlarni o‘zbek tiliga va, aksincha, o‘zbek tilidagi matnlarni xorijiy tilga tarjima qiling” kabi). Shuningdek, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llagan holda har bir mavzuning so‘ngida universitetning YouTube sahifasidan o‘rin olgan hozirgi o‘zbek adabiy tili faniga oid videodarslarga QR kodlar orqali havolalar berilgan.

Shu bilan birga, D.R.Sobirovaning “Samarali tibbiy reklamalarni yaratishning muhim omillari” nomli monografiyasi ham taqdim etildi. Qayd etish lozim, har ikkala darslik va monografiyada Buxoro davlat universiteti doktorantlari – G.Z.Bozorova, D.R.Sobirovaning olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari natijalari ham o‘z aksini topgan. 

Mazkur darsliklar Buxoro davlat universitetining 95 yilligi va o‘zbek tili bayramining 36 yilligiga mo‘jaz tuhfa bo‘la oladi.

Zarif Komilov, O‘zA