Eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi bayrami arafasida Tuproqqal’a tumanidagi Chegarani qo‘riqlash vzvodi harbiylariga qarashli harbiy qism xizmatchilari va ularning oila a’zolari uchun mo‘ljallangan yangi turarjoy foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Loyiha qiymati salkam 5 mlrd so‘m bo‘lgan 9 ta xonadondan iborat ko‘p qavatli turarjoy, shuningdek, ushbu binoning 1-qavatida joylashgan 20 o‘rinli bolalar bog‘chasi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga chinakam bayram sovg‘asi bo‘ldi. Harbiy xizmatchilarga yangi uy kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari davlat rahbari tomonidan ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan e’tibor va e’zozdan juda minnatdor ekanliklarini ta’kidlab o‘tdi.
[gallery-24995]
– Mustaqilligimiz arafasida foydalanishga topshirilgan xizmat xonadonlari biz uchun bayram sovgasi bo‘ldi, – deydi harbiy xizmatchi Po‘lat Umarov. – Oila a’zolarimizni ijtimoiy himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoniga minnatdorchiligimiz cheksiz. Harbiy xizmatchilar uchun berilayotgan imtiyozlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar, chegara oldi hududlarida zamonaviy loyihalarga asoslangan zarur barcha qulaylikka ega xizmat uylari biz uchun e’tiborning yaqqol dalilidir. Davlatimiz sarhadlarini himoya qilib, xalqimizning tinchligi va farovonligi yo‘lida o‘z jonimizni ham ayamaymiz.
Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng taklif qilinganlar yangi va shinam uylarni qabul qilib olgan harbiy xizmatchilar uylariga kirib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi hamda ularga oilaviy baxt va omad tiladi.
Ta’kidlash lozim, shu munosabat bilan harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun maktabgacha ta’lim tashkiloti ham tashkil etildi.
– Turmush o‘rtog‘im harbiy xizmatchi. Bog‘chamiz 20 nafar bola uchun mo‘jallangan,– deydi Pokiza Hakimova.– Men tarbiyachi bo‘lib ishga kirdim. Bolajonlarimiz uchun bu yerda rus tili va ingliz tili darslari, chizmachilik, gimnastika to‘garaklari tashkil etilgan. Bundan tashkari, to‘g‘ri ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratiladi. Harbiy qismimiz chegaraoldi va tuman markazidan uzoq masofada joylashganligi sababli farzandlarimizni olib borish imkoniyati yo‘q edi. Maktabgacha ta’lim tashkilotining harbiy shaharchamizda faoliyat boshlagani nafaqat bolalar, biz onalarni ham quvontirdi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, shu kabi zamonaviy loyihalar asosida qurilgan uy-joylar bilan ta’minlanayotgani milliy armiyamizning salohiyatini har tomonlama oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari