Urganch davlat universiteti jamoasi bir vaqtning o‘zida ikkita o‘quv binosi, texnopark, talabalar turar joyi va zamonaviy kutubxona ochilishini katta xursandchilik bilan o‘tkazdi.
Urganch davlat universiteti kimyoviy texnologiyalar fakultetining o‘quv binosi va 800 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

Talabalar turar joyida 200 ta yashash, 8 ta madaniy dam olish, 4 ta dars tayyorlash xonalari, 8 ta oshxona, 8 ta yuvinish xonasi mavjud. O‘quv binosida esa kichik konferensiya zali, sport zal, 10 ta laboratoriya xonasi, 18 ta o‘quv auditoriyasi joylashgan.

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli shahridan kelganman, – deydi talaba Nargiza Ollaberganova. – Uch yildan buyon shu oliygohda tahsil olaman. Shu kunga qadar Urganch shahrining turli burchaklarida ijarama-ijara yashab yurishimga to‘g‘ri keldi. Bir xonali kvartirada oltita qiz birga turardik. Kechqurunlari qo‘rqib ko‘chaga chiqmasdik. Sharoitlari ham og‘ir edi. Universitet talabalar turar joyining yangi binosida bizga yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlardan juda mamnunmiz. Qishloqda ota-onamga ham rasmlari, videolarini messenjer orqali jo‘natdim. Ular ham quvonishdi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlikni chuqur his qilgan holda puxta bilim olib, vatanimiz uchun xizmat qiladigan yetuk kadr bo‘lib yetishamiz.

Yangi binolar ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarga, ta’lim sohasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Fakultet olimlarining ilmiy-innovatsion ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Mehmonlar mazkur yangi bino o‘quv auditoriyalari, laboratoriya xonalari bilan yaqindan tanishdi. Hozir fakultetda “Oziq-ovqat xavfsizligi”, “Yog‘-moy mahsulotlari”, “Go‘sht mahsulotlari” hamda “Don mahsulotlari” laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan, Jahon banki mablag‘lari hisobidan 42 turdagi laboratoriya jihozlari sotib olinib, foydalanishga topshirilgan. Ushbu laboratoriyalar yosh olimlar bilan gavjum.

Majmuada 2 smenada 2 mingga yaqin talaba tahsil oladi. 850 talaba zamonaviy yotoqxonadan foydalanadi. Binoda 12 ta o‘quv va ilmiy laboratoriyaning jihozlanish darajasi xalqaro standartlarga javob beradi. O‘quv laboratoriya va ilmiy tadqiqotlar uchun uskunalar 3,5 mln. dollarlik mablag‘lar hisobidan Yevropa (Germaniya va Shveysariya) Osiyo davlatlaridan (Yaponiya) keltirildi va universitet mablag‘lari hisobiga 600 mln. so‘mdan ortiq reaktivlar, kimyoviy idishlar, butlovchilar bilan ta’minlandi.

– Fakultetda ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat sohasiga alohida e’tibor qaratganmiz, – deydi texnika fanlari doktori, professor Maqsud Jumaniyozov. – Mahalliy xom ashyolar asosida jahon standartlariga javob beradigan, bugungi kunda mamlakatimizga import bo‘lib kirayotgan mahsulotlarning yangi avlodini yaratishga bel bog‘laganmiz. Quvonarlisi shuki, yaratilgan ko‘plab tajriba namunalarimizga Xalqaro sifat menejmenti talablariga mosligi ISO 9001 muvofiqlik sertifikati olindi. Bu o‘z navbatida eksport salohiyati kengayishiga, valyuta zaxiralarining oshishiga olib keladi. Bu bilan mamlakatimiz ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalaridan biri hal bo‘ladi.
Xorazm Innovatsion texnoparki UrDU tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish maydonchasi hisoblanadi. Bu yerda olimlar va ijodkor yoshlarni ilmiy tadqiqot ishlarining natijalari sinov tadqiqotlaridan o‘tadi.
Amaliy innovatsion startap va tijoratlashtirish loyihalarini amaliyotga joriy qilish uchun moliyalashtirish sharoitlari yaratiladi. Hozirda bu yerda 3 ta startap loyiha faoliyat yuritib, 1,5 mlrd. so‘mdan ortiq ilmiy tadqiqot ishlari bajarilmoqda, – deydi texnopark direktori Zabibullo Boboyev. – Shu bilan birga texnoparkda innovatsion mahsulotlar va universitet ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqariladi. Hozirgi kunda non, qovunni qayta ishlash, topinambur mevasining kukuni va quritilgan mahsulotlari, tikuvchilik sexi faoliyat yuritib, shu kungacha 1 mlrd. so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi. Hozirda texnopark hududida 150 talaba-yosh ish bilan ta’minlangan.
Shuningdek, universitetda texnika fakultetining 1600 o‘rinli o‘quv binosi va 250 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar kutubxonasi ham foydalanishga topshirildi. O‘quv binosi 3 qavatli bo‘lib, 1 o‘quv-laboratoriya binosi, majlislar zali, sport zallaridan iborat. Binoda 33 ta o‘quv, 20 ta laboratoriya xonasi mavjud.
Bu fakultetda 10 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2 ming nafardan ortiq talabalar tahsil oladi. 4 ta kafedrada 100 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar faoliyat olib boradi. Avtomobilsozlik, materialshunoslik, energetika, qurilish va arxitektura sohalarida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ushbu turdagi tadqiqotlarning ustuvorligi ishonchli texnik parametrlarga ega zamonaviy laboratoriya jihozlaridan foydalanish hisobiga hududda oqsayotgan ilmiy-texnik taraqqiyotni rivojlantirishga qaratilgan.
– Islohotlarning aksariyati ta’lim sohasini rivojlantirish, sifatni oshirishga qaratilgan, – deydi Urganch davlat universiteti rektori Bahrom Abdullayev. – Bu borada qanday dastur va rejalar qabul qilinmasin, ularning barchasida kelajagimiz bo‘lgan yoshlar manfaatlari alohida hisobga olinyapti. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham asosiy e’tibor ta’limni rivojlantirish va sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Bu avvalo, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan davrda raqobatbardosh kadrlarga bo‘lgan talabning yuqori ekanini ko‘rsatadi.
30 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan Urganch davlat universitetida kapital ta’mirlangan, zamonaviy Axborot resurs markazining foydalanishga topshirilishi ilm istagan yoshlar uchun xazina manbaidir.
250 o‘ringa mo‘ljallangan kutubxona Texnika va Filologiya fakulteti talabalari uchun xizmat qiladi. Umumiy fondi 23 ming 873 adabiyotdan iborat. Axborot-resurs markazida 2 ta katta o‘quv zali, kompyuter xonalari, adabiyotlarni saqlash fondi mavjud.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA