Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan Yangi yil bayram munosabati bilan ehtiyojmand oilalar, otaliqqa olingan yoshlar, tizim faxriylari xonadonlariga yo‘qlovlar tashkil etilmoqda.
Gulmira Yunusova To‘raqo‘rg‘on tumani Ibrat mahallasida istiqomat qiladi. Yangi yil bayrami munosabati bilan MIB viloyat boshqarmasining yo‘qlovi oila a’zolarini yanada xursand etdi. Sovg‘a va shirinliklar, zarur oziq-ovqat mahsulotlar bu xonadon egalari uchun bayram tuhfasi bo‘ldi.

Shuningdek, bayramona tuhfa sifatida Namangan shahri, Namangan tumanidagi nogironligi bor oilalar holidan ham xabar olinib, sovg‘alar, oziq-ovqat mahsulotlarining tuhfa etilishi oila a’zolarga yanada quvonch hadya etdi.
Yangi yil bayrami arafasida Byuro xodimlari sohada uzoq yillar mehnat qilib, hozirda keksalik gashtini surayotgan mehnat faxriylari holidan ham xabar olishdi.

Shakarbek Jo‘rayev viloyat sud va prokuratura organlaridagi faoliyati bilan ko‘pchilikka o‘rnak. Nafaqaga chiqishdan avval Majburiy ijro byurosidagi samarali ish olib borib, ko‘plab shogirdlar tarbiyaladi. Yangi yil bayrami munosabati bilan boshqarma tomonidan uyushtirilgan yo‘qlov soha faxriysi dilini yanada shod etdi. Samimiy muloqot jarayonlarida yurtimizda ro‘y berayotgan islohotlar va ularning samaralari, ortda qolayotgan yilda erishilgan yutuqlar e’tirof etildi. Byuro direktorining tabrigi, sovg‘alar Shakarjon Jo‘rayevni yanada xursand qildi.
Shuningdek, soha faxriylaridan, Shavkatjon Abdullayev, Olimjon Rahmonov xonadonlariga ham borilib, ularga bayram tabriklari, sovg‘a va oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.

Asosiysi, mamlakatimizda bayramlarda kam ta’minlangan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj va yolg‘iz keksalar, soha faxriylari holidan xabar olish, ularni ko‘nglini ko‘tarish hamda ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu qadriyatlardan hisoblanadi.
Bu kabi tadbirlar Byuroning Namangan shahri va tumanlar bo‘limlari tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA