Yurtimizda Yangi yil shukuhi kezib yurgan bir pallada, xalqimiz bu bayramni to‘kin dasturxon atrofida kutib olish uchun bozorlarga, savdo do‘konlariga oshiqmoqdalar. Zero, barchamiz bu kunlarni yaxshi niyatlar, orzu-havaslar ila kutib olishni xush ko‘ramiz.
Yurtdoshlarimiz yangi yilni ko‘ngildagidek qarshi olishlari uchun respublikamiz bozorlarida ham katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xususan, “Aviasozlar dehqon bozori”da maxsus joylar ajratilib, sotuvchilar uchun bezatilgan 50ta bayram rastalari hozirlandi. Shu bilan birga yil davomida tashkil etilgan arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasi faoliyati narxlar barqarorligiga xizmat qilmoqda.
Bugun barcha bozorlarimizda bayram shukuhini yanada ko‘tarish uchun jonli musiqiy dasturlar tashkil etilib, xaridorlarga yaxshi kayfiyat, yuqori harorat ulashilmoqda.
Mahsulotlarda uzilish bo‘lmasligi va poytaxtliklarning bayram dasturxoni to‘kis bo‘lishi uchun va narx-navoning keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida Bosh Prokuratura departamenti tashabbusi bilan 20 dekabrdan 10 yanvarga qadar aholiga arzonlashtirilgan oziq-ovqat ta’minoti zaxirasi yaratildi. Masalan, birgina “Aviasozlar dehqon bozori” omborlarida 33 tonna kartoshka, 65 tonna piyoz va xalq iste’moli uchun zarur bo‘lgan barcha oziq-ovqat mahsulotlari zaxira qilinib, peshma-pesh rastalarga chiqarilmoqda.
Shu bilan birga oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ishlab chiqaruvchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kelinishi ham narxlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, bu yerda sotilayotgan baliqlar sifati va narxi poytaxtning boshqa bozorlaridan farq qiladi.
Mazkur yarmarkalarda bobodehqonlar tomonidan yetishtirilgan sarxil mevalar, sabzavot va poliz, shuningdek, aholi ehtiyoji uchun zarur asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq, umuman, 50 dan ortiq turdagi mahsulotlar xaridorlarga arzon narxlarda yetkazib berilmoqda.
Ayniqsa ko‘p iste’mol qilinadigan mol go‘shti, tovuq, tuxum, shakar, yog‘ va boshqa turdagi mahsulotlar aholi ehtiyojiga qarab, ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma qilingani holda rastalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib kelinishi bozor ma’muriyati, Bosh Prokuraturaning departamenti va boshqa mas’ul idoralar tomonidan nazoratga olingani samarali bo‘lmoqda.
Xalqimiz uchun bayramni ko‘tarinki ruhda kutib olishlariga xizmat qilayotgan Yangi yil yarmarka savdolari barcha hududlarda, aholi uchun qulay joylarda davom etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7xA9-vEDFAY" title="Bayram yarmarkalari xalq xizmatida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA