Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayram tadbirlari yurtdoshlarimizga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda
13:11 / 2023-09-01

Mamlakatimizning barcha hududlarida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida bayram tantanalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.

Yozuvchi va shoirlar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, san’atkorlar, iste’dodli yoshlar ishtirokida o‘tayotgan mazkur tadbirlar orqali mustaqillik xalqimizning asrlar davomidagi eng ulug‘ orzusi, bebaho ne’mat ekanligi, bugungi tinch va osoyishta hayotimizning qadr-qimmati targ‘ib etilmoqda.  

Andijon viloyatining tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan ana shunday madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ham islohotlar, hayotimizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida yurtdoshlarimizga keng ma’lumotlar berilmoqda.  

Sir emaski, o‘tgan o‘ttiz ikki yillik, xususan, keyingi yillardagi mustaqil taraqqiyot davrida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ishlab chiqarish va bunyodkorlik, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida har qancha gapirish mumkin. Jumladan, so‘nggi yetti yil davomida Andijon viloyati iqtisodiyoti 1,5 barobarga o‘sdi. Yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 55 trillion so‘mga yetkazilib, 2016 yilga nisbatan 3,5 barobarga ortdi.  

Viloyatda birgina Investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati qariyb 1 milliard 294 million dollarlik 614 ta loyiha doirasida 43 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bugungi  kun holatiga 745 million dollarlik 195 ta loyiha amalga oshirilib, 7 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida o‘tgan yilning o‘zida viloyatda ishsizlik darajasi 9,9 foizdan 9,1 foizga, kambag‘allik darajasi 21 foizdan 17,5 foizga kamaydi. Shuningdek, 73 mingta kambag‘al oilalarning daromadi ko‘tarildi, 41 ta mahalla kambag‘allikdan holi, 45 ta mahalla esa ishsizlikdan holi hududlarga aylantirildi.

Joriy yil yakuni bilan esa jami 79 mingta oila kambag‘allikdan chiqarilib, viloyatda kambag‘allik darajasi 17,5 foizdan 16 foizga tushiriladi. Olib borilayotgan bu kabi ulug‘vor ishlarining samarasi o‘laroq yurtimiz obod bo‘lmoqda, xalqimizning turmush tarzi tubdan yaxshilanmoqda. Eng muhimi, qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimimz jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Bu albatta, har bir yurtdoshimiz qalbiga cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini muhrlaydi. Yurt ko‘rki-kamolidan g‘ururlanib yashayotgan fuqarolarimizda ezgulik, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga hurmat, yurt ravnaqiga fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.

–  Joylarda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, aholining ma’naviyatini yuksaltirish, tarixan tarkib topgan milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishga xizmat qimoqda,  – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov. – Qolaversa, ozod va obod diyorimizning o‘ttiz ikki yillik to‘yini munosib kutib olishga qaratilgan bunday tadbirlar xalqimiz ruhiyatiga ko‘tarinkilik baxsh etmoqda.

Shu kunlarda viloyatning barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuv va muloqotlar aholining barcha qatlamlariga nafaqat ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda, balki ularning ma’naviyatini boyitib, qalblarida yurt ravnaqiga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.  

– Mustaqillik sharofati bilan yurtimizning eng chekka hududlarida ham katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligidan qalbimiz faxrga to‘ladi, – deydi Marhamat tumanidagi Alitepa mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Qodirjon ota Toshboltayev. – Tumanimiz mamlakatimizning eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi, Lekin bu yerdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar bizni behad quvontiradi. Mana shunday obod maskanda yashayotganligimizdan, tinchlik-xotirjamlik hukm surayotgan, inson qadri ulug‘lanayotgan yurt fuqarosi ekanligimiz uchun yaratganga beadad shukrlar keltiramiz.

Muxtasar aytganda, mustaqillik bayrami shodiyonalari butun yurtdoshlarimiz qatori andijonliklarga ham yuqori ko‘tarinkilik, bayramona kayfiyat ulashmoqda.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA