Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ham bolajonlar uchun quvonch va ezgulikka to‘la – “Prezident archasi” teatrlashtirilgan bayram tomoshalari bo‘lib o‘tmoqda. Yangi yil arafasida o‘tkazilayotgan bu tadbirlar bolajonlar qalbiga iliqlik ulashish, ularning yuzida tabassum, ko‘nglida quvonch uyg‘otmoqda.
Xususan, Olmaliq shahridagi Metallurg madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan bayram tadbiri ana shunday ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Unda 18 yoshgacha bo‘lgan ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar, oilaviy bolalar uylari va “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilari, shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari ishtirok etdi. Ular uchun tayyorlangan rang-barang sahna chiqishlar, ertak qahramonlari ishtirokidagi tomoshalar va kuy-qo‘shiqlar bayramga shukuh bag‘ishladi.


Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev bolajonlarni Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklab, ularga ezgu tilaklarini bildirdi. Bayram doirasida tadbir ishtirokchilari bo‘lgan bolajonlarga “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshirildi.


Shuningdek, bir guruh bolajonlarga Prezident tabrigi solingan maxsus konvert hamda kelajak uchun depozit kartalari ham topshirildi. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik bolalar uchun unutilmas lahzalarga aylandi. Qayd etish lozim, joriy yilda Toshkent viloyati bo‘yicha jami 886 dona “Prezident sovg‘asi” bolajonlarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bayram sovg‘alarining tarkibi 24 turdagi o‘quv qurollari hamda 34 xil shirinlikdan iborat bo‘lib, ular bolalarning ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish, yangi yil quvonchiga quvonch qo‘shishiga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA.