Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan Guliston shahridagi “Farovon“ tantanalar uyida bayram tadbiri tashkil etildi. Unga sohada uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan mehnat faxriylari, bugungi kunda fidoyilik bilan ishlayotgan faollar taklif qilindi.
Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Shohruh Isoqulov soha xodimlarini qizg‘in tabriklab, so‘nggi vaqtlarda sohada erishilayotgan yutuqlar haqida gapirdi.
Ta’kidlanganidek, oxirgi bir yilda madaniyat markazlari, ixtisoslashtirilgan bolalar va san’at maktablarining moddiy texnik bazasini zamon talablariga mos ravishda yangilash borasida salmoqli ishlar qilindi.
[gallery-16944]
Jumladan, 15 ta san’at maktabiga milliy cholg‘u asboblari, zarur jihozlar va adabiyotlar, hududiy madaniyat bo‘limlarining har biriga ovoz kuchaytirgich moslamalari olib berildi. To‘rtta bo‘lim “Damas” avtomashinasi bilan ta’minlandi. Sirdaryo tumanidagi Ziyonur va Sardoba tumanidagi Gulzor madaniyat markazlari mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Viloyat musiqali drama teatri jamoasi Rossiya, Tatariston, viloyat filarmoniyasi jamoasi Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya va Turkiya davlatlariga gastrol safarlarini uyushtirdi.
Joriy yilning qisqa davrida erishilgan natijalar ham ancha salmoqli. Guliston shahar ixtisoslashtirilgan san’at maktabining ijodiy jamoasi “Navro‘z sadolari” respublika ko‘rik -tanlovida faxrli 1-o‘rinni, Guliston tumani “Sayxun yigitlari” folklor jamoasi “Ona zamin ohanglari” respublika tanlovida 2-o‘rinni egalladi.
Tadbir davomida tizimda alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh soha xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tuman va shahar madaniyat bo‘limlariga kompyuter jamlanmalari topshirildi.
Bayram san’at ustalari va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yanada fayzli bo‘ldi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari