Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayram mushoirasi
17:11 / 2022-03-08

Nazm

 

 

 

 

 

 

 

Zilola Xo‘janiyozova

 

Bu yo‘llarda yellar sarson, yillar sarson, 

Umrim oqar Nasaf -Toshkent orasida. 

Yo‘l chigilar oshiqqanda manzil tomon, 

Sog‘inch, diydor ko‘zim oqu qorasida. 

 

Munisginam, mening tobim o‘yidasiz, 

“Yo‘ling olis, charchadingmi, bolam”, deysiz.

Gulday zaif, titrab turar qo‘llaringiz,

Dardman sizu, men noshudning g‘amin yeysiz. 

 

Siz taxtimsiz, davlatimsiz, ko‘rk-savlatim, 

Sizsiz menday g‘arib, nochor topilmaydi.

Ostonaga ko‘zin tikib, mushtoq kutib,

Tun oqquncha qo‘shdarvoza yopilmaydi.

 

Ko‘zlarimga xalqoblanib yosh quyilar,

Tishlaganim, bo‘g‘zimdagi tosh tuyular. 

Siz-la dunyo oqibati bisyor, ona

Birovlarning yolg‘on mehri fosh tuyular.

 

Shukur, yetdik intiq kutgan bahorlarga,

Dastor olma gul ochibdi, oq, pushtirang.

Ona, yana niyat aytib saharlarda,

Bir bor bizmas, o‘zingizga umr so‘rang.

 

Bu charxi-dun g‘am-g‘ussaga bozor ekan,

Qo‘lim siltab, naysonlar-la yeldim yana.

Nurga intiq maysadayin bo‘y ko‘rsatgan,

Sog‘inchlarim mahkam quchib keldim, ona...

 

Sog‘inchlarim mahkam quchib keldim ona...

 

                                                       

                       SIZ...

 

Yam-yashil yurtlarda baxtli emishsiz,

Tongda kabutarlar keltirdi xabar.

Mening mushtoq dilim kezadi hissiz,

Hijron bog‘larida telba, darbadar.

 

Bedorman - o‘ylarim, ishqim siz bilan,

Yashayman ishonib ahdlaringizga.

Sog‘inch girdobida xazonman, xasman,

To‘kilgim kelyapti... kaftlaringizga.

 

Garchi bunda bahor, men suygan aprel,

Yuragimga sig‘mas uning kulgusi.

Oppoq tuyg‘ularim, shirin hislarim

Siz-la tug‘ilgusi, sizsiz  o‘lgusi.

 

Yomg‘ir ezib yog‘ar, siz ketgan kundan,

Menga hamdard bo‘ldi, bir on tinmadi.

Xavotir izg‘igan, firoq tunida,

Shivirlashdik... ko‘zga uyqu inmadi.

 

Yana kiprigimda yangi tong otdi,

Ilhaq kutayapman yorug‘ bir xabar.

Kelmaysiz... nazdimda ming bir yil o‘tdi,

Axir, uch kun o‘tib qariydi safar.

 

Yam-yashil yurtlarda baxtlimisiz siz,

Mensiz kunlaringiz o‘tarmi shodon?

Ko‘ksimda bir quchoq sog‘inch gullari

So‘lib qolmasidan, qayting, begijon.

 

Yam-yashil yurtlarda baxtlimisiz siz...

 

---------------------------------------------        

                                   

 

                                                                                   Munira Ramazonova, shoira

KO‘Z KO‘ZGA TUSHAR

Dillar yayrar, ko‘z ko‘zga tushar,

Chulg‘ar seni qanday  hayajon.

Qarashlaring ma’noga to‘la,

Nigohlaring sirli har qachon.

 

Netay, senga oshiq bo‘libman,

Maftun bo‘ldim ,o, senga jonim.

Yo‘l ko‘rsatib yurakkinamga,

Sen tomonga ketar xayolim.

 

Ruxsoringga bo‘ldim parvona,

Quloq solgin dardli she’rimga.

Mehribonim, asiringman men,

Umr bo‘yi sevgi sehringga.

 

SHAMOL

Terakzorda uchrashar vujud,

Bir-biriga pinhona oshiq.

Shamol esa mayin esadi,

Sevgi haqda kuylaydi qo‘shiq.

 

Daryo bo‘ylab kezar ikki yosh,

Daryo yuzi yalt-yalt etadi.

Ehtiroslar ko‘rsatadi bo‘y,

Unda o‘tmish cho‘kib ketadi.

 

---------------------------------------------

Zebo Mirzayeva

ONAMGA

Oq sochlari oppoq tun uning,
Umri halol ishqqa bayroqdir.
Oh, yuzlari dunyoyi dunning
Go‘zalidan chiroyliroqdir.

(Bo‘lolmadim hassasichalik),
Otam dardin ko‘targan mohim.
Ushoqqina onam ko‘ngliga
Bir hovuch nur bergil, ilohim!

O‘zi potrab chiqqan chashmaday
Yoningizdan oqdimu ketdim.
O‘zgalarga daryo tutdimu,
Oh, onam-a, Sizni unutdim.

Qaldirg‘ochlar mendan yaxshiroq,
Baxt to‘kadi hur quchog‘iga.
Men ham uning tirnog‘imanu,
Arzimayman, lek tirnog‘iga.

Ismaloqlar bo‘yini tarab,
Bahor shoshsa yurgan joyiga,
Rabbim, meni gul qilib yarat,
Hech bo‘lmasa, uning poyiga!..

 

INTIQLIK

Tuni bilan yoqqan yomg‘irlar
Yuvib o‘tdi tonglar yuzini.
Men izladim o‘zim uchun sir
Bo‘lgan baxtning yorug‘ yuzini…

Keldimi deb sendan xabarlar
Eshiklarni necha bor ochdim.
Daydi shamol bebosh boladay
Derazamni sindirib qochdi!

Tuni bilan qiynaldi yurak
Yeta olmay nur yo‘llariga.
Isming qo‘ndi kapalak kabi
Goh tushimga,
Goh qo‘llarimga…

Sen kelmading,
Biroq bu gal ham…
Men kunning qon yuziga boqib —
o‘ijimlanib otilgan xatday —
Yuragimni yubordim yoqib!..

…Tuni bilan yomg‘irlar yog‘di…

 

---------------------------------------------

 

Halima Ahmedova

 

MUNOJOT

Ey dard, ko‘zlarimga solmagin parda,
Men yongan otashning kulimasmi sen?!
Yoshligimning ishqqa to‘lgan kunlarin —
Javobi, ham so‘lg‘in gulimasmi sen?!

Fursat ber, ko‘nglimni yuvay tong bilan,
Shudringga tuldiray ko‘zim jomini.
Shuncha yashab hali topganimcha yo‘q,
Afsungar va dilbar xayot nomini.

Tunning daraxtida pishgan olmalar —
Yulduzlar hididan aylanar boshim…
Agar, oshiq bo‘lsang miskin jonimga,
Ko‘nglingga kelmasin achchiq  ko‘z yoshim.

Ey dard, yolvoraman
Alloh ishqila,
Qorong‘u nigohim etgil munavvar.
Bedard shamol kabi kezay bog‘larni,
Kuyosh ufklardan keltirsa xabar.

Osmonga yuksalgan daraxtlar kabi
Zumrad havolarni tuyib yashayin.
O‘limdan qo‘rqmagan maysalardayin —
O‘zimni bir bora suyib yashayin.

Ey dard, ko‘zlarimga solmagin parda…

 

VATAN

Men hech kimga ko‘tarmadim qo‘l,
Va hech kimga yetmas ziyonim.
Ammo sening oldingda tuproq,
Ayb qilganday titraydi jonim.

Rayhonlarga chulg‘anib ketgan —
Onam hidi keladi sendan.
Bilamanki xokisorginam,
Sen hech narsa kutmaysan mendan.
Malomatga qolib bu boshim,
Senga bag‘rim berib yotgan chog‘.
Yupatding ham, tushunding meni —
Do‘stu yaqinlarimdan ko‘proq

Men tug‘ilgan kunimdan boshlab,
Talpinganim sen bo‘lding, ishon.
Sening zarra-zarralaringda —
Haq jamoli bo‘ldi namoyon.
O‘zga tuproq tortmas dilimni,
Joynamozim o‘zing, cho‘kdim tiz.
Axir sendan yuragimgacha
Bog‘lab turar ilohiy ildiz.

Bolam deb xo‘p yayratding meni,
Imkon berding o‘ynab kulgani
Faqat meni o‘lgandan so‘ng ham —
Quchog‘ingga olsang bo‘lgani

 

---------------------------------------------

 

Xosiyat Rustamova

YOMG‘IR

Bulutlar yoyildi ko‘kni to‘ldirib,
Shamol quvib ketdi sovuq qishlarni.
Yana daraxtlarni o‘yga cho‘mdirib,
Qorasi ko‘rindi oppoq qushlarni…

Bugun ham otgisi kelmay otdi tong,
Bugun ham dardini ichiga yutdi.
Keksaygan holiga qaramay osmon,
Suzg‘ichdan o‘tkazib olar bulutni.

 

DENGIZ

Ko‘rinishi bir kun johilday —

Bir kun esa juda ham g‘arib.

Amallashib qumli sohillar,

Suv ostidan chiqar sirg‘alib.

Yashiraman yig‘lagim kelsa,

Pana qilib quyosh, kunduzni.

Rahmi kelgan eshkaklar esa —

Quchog‘iga olar dengizni.