Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayram dasturxoni yanada to‘kin bo‘ladi
09:37 / 2021-12-17

Yangi yil bayrami yaqinlashayotgani munosabati bilan Farg‘ona viloyati shahar va tumanlarida 20 ta arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi. Ularda 200 ta savdo rastalari bo‘lib, yigirma turdan ortiq sifatli mahsulotlar maqbul narxlarda aholiga tortiq etilmoqda. Savdo rastalarini to‘ldirib turgan sarxil qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, salqin ichimliklar, go‘sht, guruch, umuman, dasturxonimizga ko‘rk bag‘ishlaydigan noz-ne’matlar serobligi, narxining maqbulligini ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi.

- Bu yil viloyatdagi 5 ming 832 ta bog‘dorchilik-sabzavotchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan 1 million 818 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilgani bozorlarimizda mo‘l-ko‘lchilik, arzonchilik bo‘lishini ta’minlayapti, - deydi Farg‘ona viloyati hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi kotibiyati mudiri G‘ulomjon Boypo‘latov. - Shuningdek, «Daladan dasturxongacha» tamoyili ostida poytaxtdagi «Navro‘z» dehqon bozorida Farg‘ona viloyati mirishkorlari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunga qadar farg‘onalik fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan 40 tonna har xil turdagi meva mahsulotlari, 22 tonna uzum, 84 tonna kartoshka, 162 tonna sabzavot arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berildi.

Bundan tashqari, chorvachilik va parrandachiliye, asalarichilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan belgilangan grafik asosida qoramol go‘shti, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti va tuxum mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda aholiga uzluksiz yetkazib berilmoqda. Beshariq tumanidagi «Vodiy naslli parranda» fermer xo‘jaligi tomonidan mavsum boshidan buyon uzluksiz tuxum yetkazib berilmoqda va arzonlashtirilgan savdo yarmarkasida 700-800 so‘mdan sotilmoqda.

Yarmarkalardagi  o‘rtacha narx 1 kg kartoshka 3500 so‘m, sabzi 1800 so‘m, piyoz 1500 so‘m, meva-uzum 8000-12000 so‘m, mol go‘shti 55000 so‘m, qo‘y go‘shti 58000 so‘m, tovuq go‘shti 21 ming so‘m, tuxum 1000 so‘m, baliq 25000 so‘m va guruch 7000 so‘mni tashkil etmoqda.

 

M. Sulaymonov, O‘zA