Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayram dasturi tashkil etildi
15:18 / 2025-12-06

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi yurt bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Mamlakatimizda Bosh Qomusga hurmat, uning huquqiy ahamiyatini anglash va fuqarolar huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar barcha hududlarda yuqori saviyada o‘tmoqda. Guliston tumanida ham mazkur sana munosabati bilan tantanali bayram dasturi tashkil etildi.

Bosh tadbir Guliston tumani Madaniyat markazida bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi, korxona va tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar, faol yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbir davlat madhiyasi bilan boshlandi.

Tadbirda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev barchani bayram bilan tabriklab, Konstitutsiyaning mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, Bosh Qomus fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolati, yurt barqarorligi va taraqqiyotining huquqiy asosidir.

– Konstitutsiya davlatimiz rivoji va xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam poydevordir. U yurtni birlashtiradi, kelajakka ishonch baxsh etadi, — dedi tuman hokimi.

Tadbirning ma’naviy-ma’rifiy qismida tuman Madaniyat markazi ijodkorlari kuy-qo‘shiqlar ijro etishdi, sahna ko‘rinishlarini namoyish qilishdi. 

Bosh Qomusning 33 yilligi doirasida Guliston tumanining qator tashkilot va ta’lim muassasalarida ham huquqiy bilimlarni oshirishga qaratilgan o‘quv soatlari, davra suhbatlari va fuqarolar uchun ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirildi.

Eng asosiysi, Konstitutsiya kuniga bag‘ishlab tuman bo‘ylab o‘tkazilgan tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — xalq irodasining ifodasi, inson qadriga e’tiborni belgilab beruvchi va davlat-jamiyat munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy hujjat sifatida e’tirof etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA