Ona zamin va tabiatga mehr-muhabbat, saxovat va muruvvat, bunyodkorlik, olijanoblik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar eng qadimiy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z timsolida asrlar davomida ulug‘lanib, sayqal topib kelmoqda.
Ayniqsa, bugun, jamiyatimizda inson qadri yuksalib, bebaho boyligimiz – yerimiz, suvimiz va tabiatimizga, necha ming yillik an’analarimizga e’tibor kuchayib borayotgan Yangi O‘zbekiston sharoitida bu bayramning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati yanada ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 4-martdagi qarorida 2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramini mamlakatimizda «Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!» degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlash vazifasi belgilangan.
Yangilanish va yosharish fasli bo‘lmish bahorning eng go‘zal bayrami Navro‘z istirohat bog‘lari, korxona-tashkilot, bolalar bog‘chasi, maktablarda o‘zgacha tantana bilan o‘tkazilmoqda.
Bektemir tumanida joylashgan 293-umumta’lim maktabidagi bu yilgi Navro‘z bayrami o‘zgacha shukuhda o‘tkazildi.
Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan bayram dasturi ota-onalarga manzur bo‘ldi.
– Biz Navro‘z bayramini har yili orziqib kutamiz. Uni zo‘r tantanalar bilan nishonlaymiz, – deydi 3 sinf o‘qituvchisi Muhayyo Hamroyeva. – Sababi bu bayram xalqimiz hayotida munosib o‘rin egallagan. Chunki qadimda Navro‘z keng dala qirlar, tog‘lar, bog‘lar qo‘ynida butun el-u ulus bilan birgalikda nishonlangan. Momolarimiz bu bayramga totuvlik, hamjihatlik bayrami, deb ta’rif berishadi. Ana o‘sha hamjihatlikni targ‘ib qilish, bolalar ongiga chuqurroq singdirish maqsadida bayram tantanalarini tashkil etyapmiz.
Bayram tadbiri davomida bolajonlar tomonidan Navro‘zni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar aytildi. Xalq og‘zaki ijodi namunalaridan lapar hamda topishmoqlar, mumtoz shoirlar g‘azallarining jajji o‘quvchilar tomonidan ijro etilishi barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Shuningdek, bayram dasturi orqali bolajonlar tomonidan «Kurash», «Arqon tortish», «Chillak», «Oq terakmi, ko‘k terak», «Tez aytish», «Kim oladi-yo, shuginani-yo?» kabi milliy o‘yinlarimiz ham namoyish etildi.
Maktab ostonasidan boshlangan bayram shukuhi bolajonlarning o‘z oilasi davrasida davom etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/b74VfYxMV0o?si=TGfNtycrOBD91Pom" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, O‘zA muxbiri