Qishki ta’til oldidan spirtli ichimlik iste’moli odatiy ravishda ortib borayotgan bir payt, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) barchaga jarohatlash yoki zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq hodisalar yuz berishi asosan alkogol tufayli ekanini eslatmoqda.
JSST hisobotiga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyoda yuqoridagi omillar sabab kuzatiladigan o‘lim holatining uchdan biri spirtli ichimlik ichishga taqaladi.
2019yil ma’lumoti ko‘hna qit’ada jarohat olib halok bo‘lganlarning qariyb 145 000 nafari bevosita zahri qotil iste’mol qilish ortidan yuzaga kelganini isbotlagan. Bu jarayonda o‘z joniga qasd qilish, yo‘l-transport hodisasi va yiqilish tez-tez uchragan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, boshqa hech qanday psixofaol modda, xoh tasodifiy, xoh qasddan bo‘lsin, bu darajada ko‘p o‘limga olib kelmas ekan.
JSST alkogol bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Karina Ferreyra-Borges shunday ta’kidlaydi:
– Aroq saratonning yetti xil turini o‘z ichiga olgan jiddiy, yuqmaydigan kasalliklarni keltirib chiqaradi. Qolaversa, insonning o‘z xatti-harakatini nazorat qilish qobiliyatini sezilarli darajada kamaytiradi, muvofiqlashtirish va hushyorlik muvozanatini buzadi, tavakkalchilik ehtimolini oshiradi. Shu bois ko‘pincha oldini olish mumkin bo‘lgan jarohat yoki o‘limga olib keladi.
Alkogol muntazam ravishda tajovuz va zo‘ravonlikni qo‘zg‘atadigan xavflardan biri bo‘lib qolmoqda. Masalan, 2019 yil Yevropa mintaqasida zo‘ravonlik tufayli qayd etilgan taxminan 26 500 o‘lim holatining 40 foizi ortig‘i aroq ichish bilan bog‘liq. O‘z joniga qasd qilganlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i ham shu illat tufayli hayotdan ko‘z yumgan. Eng yomoni, alkogol nafaqat ichuvchi, balki uning atrofidagilar, ayniqsa ayollar va bolalarga ham zarar yetkazadi. Demak, ichkilikbozlik yaqin sheriklar uchun ham xavf omilidir.
JSST spirtli ichimlikning ayniqsa o‘smirlar va yoshlarga ta’siridan jiddiy xavotir bildirmoqda.
Tuzilmaning yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Jonatan Passmorning fikricha, yoshlar muntazam ichishga odatlanmagan esa-da, nisbatan qisqa vaqtda ko‘p miqdorda ichishga moyil. Bunday xatti-harakat natijasida yo‘l-transport hodisasi, cho‘kish, yiqilish, shuningdek zo‘ravonlik qilish va o‘ziga zarar yetkazish xavfi sezilarli darajada oshadi.
Ko‘hna qit’ada alkogol ta’sirida jarohatlanish darajasi yuqoriligi saqlanib qolmoqda. Yevropa sharqi shunday o‘lim holati bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Ba’zi yurtlarda jarohatdan vafot etganlarning yarmidan ko‘pi spirtli ichimlik iste’moli bilan bog‘liq hodisaga uchragan. G‘arbiy va janubiy mamlakatlarda ayni ko‘rsatkich 20 foizdan oshmaydi.
Mutaxassislar bu tafovutni ichish madaniyatidagi farq, vaqti-vaqti bilan ichuvchilik tarqalishi va hukumat tomonidan nazorat chorasi samaradorligi, ya’ni savdo qoidasiga rioya qilish darajasi va davolanish usullari bilan bog‘laydi.
JSST mutaxassislari spirtli ichimliklarga yuqori narx va soliq belgilash, alkogol savdosi soati va joyiga cheklov qo‘yish, marketingni qat’iy tartibga solish, mast holda mashina haydashga qarshi kurashni kuchaytirish, sog‘liqni saqlash muassasalarida bemorlar orasida zararli alkogol iste’molini erta aniqlash eng samarali choralar ekanini ta’kidlamoqda.
S.Rahimov, O‘zA