Qarshi shahridagi Batosh mahallasida davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan 360 o‘rinli 42-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan bo‘lib, keyingi yillarda ma’nan eskirib, ikkinchi qavati deyarli ishlamayotgan edi. Bor-yo‘g‘i 160 nafar bolaga amallab xizmat ko‘rsatayotgan edi. Isitish tizimi, shart-sharoitlar ko‘ngildagidek emasdi.
Tegishli dastur asosida qariyb 7 milliard so‘m mablag‘ evaziga kapital rekonstruksiya qilingan bog‘chada bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi.
Ahamiyatlisi, bog‘chada yashil energiya tizimlari ham o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan foydalanish orqali energiyani iqtisod qilish mumkin bo‘ladi.
[gallery-21102]
Shahardagi Naxshab mahallasida joylashgan 43-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ham kapital ta’mirlangan holda yana bolajonlar uchun o‘z eshiklarini ochdi.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti 1969 yilda qurilgan bo‘lib, 180 nafar bolani qabul qilish imkoniyatiga ega. 2022 yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 279 million so‘m mablag‘ ajratilib, bog‘chaning kanalizatsiya tizimi yangilangan edi.
2023-2024 yillar davomida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobiga mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, bino zamonaviy talablar asosida qayta jihozlandi.
Bog‘chalar tarbiyalanuvchilariga bayram sovg‘alari ham ulashildi.
Mazkur davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tantanali ochilish marosimlarida viloyat hokimi Murotjon Azimov, mahallalar faollari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri