Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bayram arafasida 7 nafar mahkuma qamoqdan ozod etildi
13:51 / 2026-03-05

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudida tumanda joylashgan 37-son manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan 7 nafar mahkum ayollarning iltimosnomasi ko‘rib chiqildi.

Sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bu ayollar qilmishidan pushaymonligi va tuzalish yo‘liga o‘tgani, bundan buyon to‘g‘ri hayot kechirishini bildirib, o‘talmay qolgan jazo muddatini yengilrog‘iga o‘tkazib berishni so‘rab murojaat qilgan.  

– Ayni paytda muassasamizda 190 nafarga yaqin xotin-qiz jinoiy qilmishlari uchun jazo muddatini o‘tamoqda, – deydi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish departamenti 37-son manzil koloniyasi inspektori Jahongir Shodiyev. – Bu yerda ular foydali ish-mashg‘ulot bilan shug‘ullanishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun sharoit yaratilgan. Mahkumalarning 7 nafari jazoni o‘tash jarayonida qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tganini bildirib, jazoning qolgan qismini yengillashtirishni so‘rab muassasa rahbariyatiga iltimosnoma kiritgan edi. Rahbariyat bu xotin-qizlarning jazoni o‘tash jarayonida munosib xulq-atvorda bo‘lgani va berilgan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli bajarganini inobatga olib, ularning iltimosnomalarini tegishli hujjatlar bilan sudga taqdim etdi.  

Sud har bir mahkumning iltimosnomasini o‘rganib va fikrlarini tinglab, jazoni ijro etish muassasasi rahbariyati tomonidan bu shaxslarga berilgan ijobiy tavsifnomalarni inobatga olib, ularning o‘talmay qolgan jazosini yengilroq jazo bilan almashtirish bo‘yicha ajrim chiqardi. 7 nafar mahkum sud zalidan ozodlikka chiqarildi va ular Xalqaro xotin-qizlar bayramini o‘z uyida, oilasi bag‘rida nishonlaydigan bo‘ldi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri