Qo‘shni Afg‘oniston hududida tinchlikni ta’minlash maqsadida 1979 yil 25 dekabrda boshlangan harbiy harakatlar 1989 yil 15 fevral kuni Hayraton ko‘prigi orqali qo‘shinlarning olib chiqib ketilishi bilan yakun topgan edi.
Yaqin 10 yil davom etgan harbiy harakatlar chog‘ida Afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish yo‘lida Namangan viloyatidan ham 4 ming 500 nafardan ziyod askar jalb etilgan. Qonli janggohlarda 70 kishi qurbon bo‘lgan, 327 nafar hamyurtimiz yarador va nogiron bo‘lib qaytgan, 423 nafari esa yurtmizga qaytgan. Albatta, bu ham o‘sha mash’um urushning eng og‘ir asoratidir.

Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida bo‘lib o‘tgan “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi tashkil topganligining 30 yilligi hamda Cheklangan kontingent harbiy qismlarini Afg‘oniston hududidan olib chiqilganligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida mard baynalmilalchi hamyurtlarimizga ehtirom ko‘rsatildi.
E’tirof etish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019 yil mart oyida poytaxtimizdagi Mustaqillik maydonida joylashgan “Xotira” kitobiga Afg‘onistonda halok bo‘lgan vatandoshlarimiz nomi ularning yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadida kiritilgandi. Namangan shahridagi “Xotira va qadrlash” majmuasida barpo etilgan “Xotira” kitobiga ham Afg‘oniston urushida halok bo‘lgan 70 nafar namanganlik harbiy o‘g‘lonning ismi-shariflari qayd etilganki, bu maskanga keluvchi yoshlar qalbida jasur fidoyilardan faxrlanish hissini jo‘sh urdiradi.

Qolaversa, “Afg‘on”chilar tahsil olgan umumta’lim maktablarida ularga bag‘ishlab tashkil etilgan “Faxriy o‘quvchi” burchaklari ham bu borada tahsinga sazovor.
Tadbirda qatnashgan Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Aliyev mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ulug‘vor islohotlar samaralari bugungi kunda baynalmilalchi jangchilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda ular uchun qonunda belgilangan imtiyoz va kafolatlar misolida yaqqol ifodasini topayotganligini ta’kidladi.

– Kechagiday yodimda, 40-armiya shaxsiy tarkibida 1985-1987 yillarda afg‘on zaminida harbiy xizmatni ado etganman. Buni hayotimdagi eng unutilmas og‘ir damlar sifatida eslayman, – deydi Uychi tumani Jiydakapa qishlog‘ida yashovchi Ibrohim Hamdamov. – Keyingi yillarda baynalmilalchi jangchilarga hurmat- ehtirom ko‘rsatish, “Veteran” birlashmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganidan behad minnatdormiz. Bayram tadbirida quroldosh do‘stlarimiz bilan diydorlashib, mashaqqatli urush onlarini xotirladik.
Taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilarning konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi. Tadbir yakunida “Veteran” birlashmasi faollariga noutbuklar, baynalmilalchi jangchi-faxriylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri