Rossiyaning Irkutsk viloyatida joylashgan Baykal ko‘lida fojia yuz berdi: muz uzra harakatlanayotgan avtomobil yoriqqa tushib, suv tubiga g‘arq bo‘ldi.
Oqibatda yetti nafar xitoylik sayyoh vafot etdi. Bu haqda "Euronews" yozgan.
Ma’lumotga ko‘ra, mashina taqiqlangan hududga kirgan. Muzning yupqa qismiga to‘g‘ri kelganda taxminan 18 metr chuqurlikka sho‘ng‘igan.
Hodisada tirik qolgan yagona inson tergovchilarga ko‘rsatma bergan. Qurbonlar orasida haydovchi, shuningdek bir oila — er-xotin va ularning 14 yoshli o‘g‘li ham bor ekan.
Hozir voqea joyida qutqaruvchilar va g‘avvoslar ishlayapti. Jasadlar shaxsi aniqlangan. Holat yuzasidan xavfsizlik talabiga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Qish mavsumida Baykal sayyohlar uchun ommabop manzilga aylanadi. Muz ustida ekskursiyalar, avtomobil yo‘laklari tashkil etiladi. Shamol, oqim va harorat o‘zgarishi sabab muz qalinligi ba’zan keskin o‘zgarishi mumkin. Mutaxassislar ruxsat etilgan yo‘nalishdan chiqmaslik, xavfsizlik qoidasiga qat’iy rioya qilish zarurligini eslatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA